Qiziqchilarni uyatda qoldirgan Kulmasoy

1907 yilda Nyu-Yorkdagi estrada shoularining yulduziga aylangan bir ayol tomoshabinlarni qiziqtira boshladi. Garchi, u o‘zining spektakllarida hech narsa qilmasdan sahnada tursa-da, katta zallarni to‘ldirib odam yig‘ar edi. Ushbu tomoshalarda yig‘ilganlar qizni kuldirish ilinjida bo‘lar, u esa Kulmasoy malikadek (rus ertaklarining qahramoni) pinagini buzmasdan, o‘z xotirjamligi va osoyishtaligini saqlab turardi.

Syuzan Kelliga hayratlanarli hazil tuyg‘usi yetishmasligi sabab xo‘mraygan Syu deb nom berishdi. Avvaliga Kulmasoyni zaldagi tomoshabinlar kuldirmoqchi bo‘lishdi, u esa ularga qarab faqat yelka qisib qo‘yardi. Bu kabi ko‘ngilocharlik tomoshabinlarni zeriktira boshlagandan so‘ng imresario va teatr menejeri Villi Hammershteyn u bilan «kurashish»ga kirishdi va mamlakatning eng yaxshi qiziqchilarini taklif qila boshladi. Ular xo‘mraygan Syu bilan birga tomoshabinlarni ham kuldirar edi. Lekin qiz xushchaqchaqliklarga javoban muzdek xotirjamlik ko‘rsatardi.

Shou nihoyatda muvaffaqiyatli o‘tar, chunki Syuning «kulish-kulmasligi»ni kuzatish bilan birga tomoshabin eng yaxshi komediyachilar spektakllarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lardi. Bu g‘oyani o‘ylab topgan «daho» original janrdagi eng yaxshi ijrochilarni teatr sahnasida bepul ishtirok etishini ta’minlash orqali o‘zining teatri ishlarini yo‘lga qo‘yib oldi. Xo‘mraygan Syuning kulgisi uchun mukofot – agar u tabassum qilsa, 100 dollar, chin ko‘ngildan kulsa 1000 dollar (o‘sha paytda bu juda katta pul edi) belgilangan edi. Shu sababli komediyachilar katta pul yutib olish niyatida teatrga kelishgandi va bu professional qiziqish ham edi. Qizning o‘zi esa spektakllar uchun haftasiga atigi 20 dollar olardi. Shu tariqa loyiha har jihatdan foydali edi.

Qiziqchilar uchun Syuni kuldirish obro‘-izzat masalasiga aylandi. Lekin qiz shou yaratuvchilarining hafsalasini pir qilmadi. Zalda tomoshabinlar qah-qah otib kulishar, Kulmasoy esa muzdek qotgandi. Aytish kerakki, o‘sha paytda bu kabi teatr tomoshalariga talab juda yuqori edi. Shou yaratuvchilari tomoshabinlarni hayratda qoldirish niyatida har xil hiyla-nayranglar o‘ylab topishar, shu sababli asl janrdagi aktyorlar shoulari va noodatiy ko‘rinishni namoyish etadigan xunuk odamlar frik shoullari gullab-yashnardi. Shu bilan bir qatorda badqovoq Syuning chiqishlari va uning g‘azablangan mashhurligi ajablanarli tuyulmasdi.

Vaqt o‘tib, tomosha odamlarni zeriktirib qo‘ydi, gazetalarda shou ijodkorlarining ayyorligi to‘g‘risida bahs-munozalar bo‘la boshladi. Xo‘mraygan Syu kulmasligi shubha tug‘dirib, ehtimol u ko‘r yoki kar, degan xayollar fikrlar ham aytildi. Lekin Syu jurnalistlar bilan suhbatlashar, uning kulmasligi to‘g‘risidagi savollarga u «Shunchaki kulgili emas», deb javob berardi. Xo‘mraygan Syu shousi shu qadar mashhur ediki, XX asrning o‘rtalarigacha o‘sha taxallusni olib, uning taqlidchilari sirk va estrada shoularida chiqish qilishdi. Keyinchalik jamoatchilikning didi o‘zgarib, bu kabi namoyishlar to‘xtatila boshlandi.

Syu o‘z faoliyatini tugatganidan so‘nggina, teatr afishalaridagi reklamalar olib tashlandi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, qizda aslida nodir tug‘ma patologiya – yuz ifodalarining to‘liq yo‘qligi - Myobius sindromi kasalligi aniqlangan. Bir qarashda yuz aloqalari falaji gapirgan paytda sezilmaydi. Ammo kulish uchun imkoniyat bermaydi. Bu kasallik uning chiqishlaridan keyin aniqlangan. Shuning uchun o‘sha yillarda hatto shifokorlar hech qachon tabassum qilmagan qizning sirini ocha olmagan.

Syuzanning keyingi taqdiri noma’lum. Aftidan u yolg‘iz hayot tarzini olib borgan. Chet ellik Kulmasoyning xotirasi hali ham Amerikada «bu hatto xo‘mraygan Syuni kuldirishi mumkin», degan ibora bilan saqlanib qolgan.

 

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.