“Qo‘g‘irchoq teatrini tomosha qilmay katta bo‘lganmiz”
“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali bugun Narpay tumanida davom etyapti.
Erta tongdan “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” yurish marafoni bilan boshlangan tadbirlar turli madaniy-ma’rifiy kechalar, tanlov va musobaqalar, turli ko‘rgazmalar bilan davom etdi. Tuman markazidagi 13-bolalar musiqa va san’at maktabida qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari namoyish etildi.
- Narpayning Paxtachi tumani bilan chegara hududida joylashgan Umid mahallasida yashaymiz, - deydi Tojinor aya Qurbonova. – Nabiralarim bilan birga bugun tuman markazida o‘tkazilayotgan yoshlar festivali tadbirlarini tomosha qilish uchun keldik. Bolajonlar uchun qo‘g‘irchoq teatri namoyishi jajji farzandlarimizda katta taassurot qoldirdi. Biz qo‘g‘irchoq teatrini faqat televizorda tomosha qilganmiz. Shaharga borishning imkoni bo‘lmagan. Bugun nevaralarimiz uchun shahardan aktyorlar biz yashaydigan hududga kelib, teatr tomoshalarini namoyish etyapti. Qo‘g‘irchoq teatrlarini jonli tomosha qilishning gashti boshqacha. Uning bolalar tarbiyasida o‘rni alohida.