Qo‘lsiz va oyoqsiz chempion
Tizzasigacha oyoqsiz, tirsagigacha qo‘lsiz holda tug‘ilgan, umri bolalar uyida o‘tgan Mixail Astashov ko‘nglini cho‘ktirmadi, inson irodali bo‘lsa hayotda o‘z o‘rnini topishiga ishondi. Bugun u mohir para-sportchi. Tokioda o‘tadigan paralimpiada o‘yinlarida ishtirok etishni niyat qilgan. 31 yoshda Rossiya chempioni, paratriatlon bo‘yicha jahon kubogi g‘olibi.
Avvaliga Buryatiyada go‘daklar uyi, keyinchalik Chelyabinsk oblastidagi Kuse shaharchasida sog‘ligi nuqsonli bolalar uyi uning “beshigi” bo‘ldi. “Vrachlar ota-onamga uzoq yashamasligimni aytishgach, ular mendan voz kechib ketishgan, - deb xotirlaydi Misha. – Boshqa bolalarning ota-onalari ularni ko‘rgani kelib turishar, meni esa hech kim yo‘qlamas edi. Lekin ota-onamdan xafa emasman”.
Misha 18 yoshda bolalar uyidan uchirma bo‘lganida maxsus xizmat xodimlari u nogironlar uyiga emas, oilasi bag‘riga qaytishi uchun, ota-onasini izlab topishdi. “Ota-onam bizni kechirishmaydi, deb juda hayajonlanishdi, biroq men ularni ko‘rib xursand bo‘ldim. Hozir boshqa-boshqa yashasak-da, uchrashib turamiz, quvonchu tashvishlarni baham ko‘ramiz, o‘z oilang bo‘lishi qanday yaxshi”.
Bolalar uyida turli sport to‘garaklari bor edi. Mixailga badminton yoqib qoldi. U oyoqda protez bilan yursa-da, qo‘llarida protezi yo‘q edi. Qiyinchilik, og‘riqlarga qaramay ikki qo‘li bilan raketkani ushlashni o‘rganib oldi, murabbiy yo‘q, hammasini o‘zi o‘rganishiga to‘g‘ri keldi. Birinchi musobaqa... u g‘olib chiqqanida sevinchining cheki yo‘q edi. Unda o‘ziga hamma qatori yashashga, quvonishga, orzu qilishga, hayotdan bahra olishga ishonch uyg‘ondi.
Mixail Buryatiyaga qaytib kelgach, mohir murabbiylar qo‘lida sport bilan shug‘ullanishga jiddiy kirishdi. Sport uning irodasini tobladi, hayotining mazmuniga aylandi. Maxsus moslamali velosiped haydashni o‘rgandi, suzishda, tennisda mukammalikka erishdi. Hatto Rossiya chempioni, sport ustasi bo‘ldi.
Mixail institutda ham tahsil oldi. Ammo o‘zini sportga bag‘ishlashga qaror qildi. Alohida yashaydi. Hamma narsani o‘zi bajaradi. Misol uchun, avtoruchkani ikki qo‘llab ushlab yozadi, gadjetlarni osongina ishlatadi. Yegulikni o‘zi tayyorlaydi.
U hech qachon nolimaydi, atrofdagilar o‘ziga teng ko‘rib munosabatda bo‘lishadi.
Hozir Mixail triatlon va suzish bo‘yicha Rossiya terma jamoasi a’zosi. "Insonning qanday yashashi o‘ziga, oldiga qo‘ygan maqsadi, unga erishish uchun irodali bo‘lishiga bog‘liq. Men hamma qatori yashayotganimdan baxtiyorman", deydi Mixail “Mir novostey” (2020 y, 29-son) haftanomasi muxbiri Marina Lepinaga.
Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.