Qo‘mita «Haj-2020» mavsumida turli firibgarlik holatlari haqida ogohlantirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Saudiya Arabistoni Hajga ro‘yxatdan o‘tkazishni boshladi» sarlavhasida tarqatilgan xabar bo‘yicha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy munosabat bildirdi.
“E’tibor bering! Saudiya Arabistoni hukumati qarori bilan bu yilgi Haj mavsumi faqat Saudiya Arabistoni fuqarolari va Saudiya ichida yashayotgan chet el fuqarolari uchun cheklangan miqdorda tashkil etilmoqda.
Xorijiy mamlakatlardan ziyoratchilar bu yil qabul qilinmaydi.
Saudiya Arabistoniga xalqaro aviareyslar to‘xtatilgan.
«Haj-2020» mavsumiga onlayn ro‘yxatdan o‘tish faqat Saudiya aholisi va Saudiyada bo‘lib turgan chet el fuqarolari uchun tashkil etilmoqda.
Turli firibgarlik holatlaridan ogoh bo‘ling! Haj va umra masalasi bo‘yicha tekshirilgan va ishonchli xabarlarni din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytlaridan olishingiz mumkin” deyiladi qo‘mita (@DinQumita) xabarida.