Qo‘mondon faxriy harbiylarni yanada faol bo‘lishga chaqirdi

Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazida faxriy harbiylar ishtirokida "Qo‘mondon va faxriylar" uchrashuvi o‘tkazildi.

Unda dastlab Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni, polkovnik Aybek Saidov, O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov O‘zbekistonning xalqaro miqyosda obro‘-e’tibor qozonishi, nufuzining oshishida milliy armiyamiz qudrati, chegaralarimiz daxlsizligi, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, faxriylarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 28 yilligi hamda 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni bilan qutlab, ularning yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari katta ekanligini e’tirof etdi.

Tadbirda joriy yilning 10 yanvar kuni xavfsizlik Kengashining navbatdagi yig‘ilishida belgilangan vazifalar, ya’ni hozirgi axborot makonidagi qarama-qarshilik, insonlar, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash kuchaygan davrda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani qayd etildi. Suhbat davomida, avvalo, yoshlarni shunday ruhda tarbiyalash tizimini takomillashtirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shuningdek hududlardagi uyushmagan yoshlar bilan ishlash, ularni kasbga yo‘naltirishda  faxriylarning o‘rni katta ekanligi aytildi.

Tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni Jizzax, Navoiy viloyatlaridan kelgan faxriylarga bayram munosabati bilan diplom va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

San’atkorlarning yurt, vatan va tinchlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.

A.Temirov.