Qon ber - dunyoga hayot baxshida et!
Viloyat qon quyish markazida 14 iyun - Butunjahon donorlar kuni munosabati bilan shu shior ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Qizil yarim oy xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi vakillari ishtirok etgan ushbu donorlar slyoti qatnashchilari Butunjahon donorlar kuni, beg‘araz donorlikning ahamiyati, mazkur harakat tufayli minglab qonga muhtoj bo‘lgan insonlar hayotini saqlab qolinayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
- Dunyoning 70 ta davlatida qon zaxirasi ko‘ngilli donorlik hisobiga yig‘iladi, - deydi viloyat qon quyish markazi direktori Rofe Aliyev. – Keyingi yillarda viloyatimizda ham donorlar safi oshib bormoqda. Uch yil ilgari yiliga 13 mingta qon zaxirasi to‘plangan bo‘lsa, bugunga kunga kelib ularning soni 27 mingga yetdi. Donor qon topshirar ekan, kimningdir hayotini saqlabgina qolmay, o‘z sog‘ligini saqlashga ham erishadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga binoan qon tarkibiy qismlari va preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun har 1000 aholiga nisbatan 40-60 nafar kishi qon topshirishi kerak bo‘ladi. Ammo yurtimizda qon topshirishlar soni 4,8 nafarni tashkil etmoqda.
Shuningdek, tadbirda viloyatimizda istiqomat qilayotgan 4 nafar donor «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni hamda eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
- Har kuni yuzlab insonlar donorlar qoniga ehtiyoj sezadi, - deydi «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni sohibi Sobir Oripov. – Donorlik odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy ko‘rinishi bo‘lib, ushbu beg‘araz, ko‘ngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy ko‘makdir. O‘zim ham shu paytgacha beg‘araz donor sifatida 46 marta qon topshirganman. Men bu ishimdan, bemorlarga yangi xayot baxsh etayotganimdan faxrlanaman. Boshqalarni ham donorlar harakatiga qo‘shilishga chaqiraman.
Donorlik harakatida faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh faol donorlar munosib rag‘batlantirildi.
Dilmurod To‘xtayev.