Qo‘ni-qo‘shnilar angliyalik kelindan minnatdor

Avval, saytimizda angliyalik kelin haqida xabar bergandik. Angliyadan Farg‘ona vodiysiga kelin bo‘lib tushgan ingliz qiz bugun o‘zbek tilini o‘zlashtiryapti, bolajonlar undan ingliz tilini o‘rganmoqda. Fotima O‘ktamova o‘zining feysbuk sahifasida shular haqida yozibdi:

“Bu hovli chinnidek toza. Tomorqaga ekilgan turfa gullar yashnab ohista tebranadi. Ularni birdek parvarishlaydigan Muhayyo opa bugun ayvonda kitob mutolaasi bilan band. Sababi, bu yumushlarni qaynonaning qo‘lidan kelinlari olgan. Ayniqsa, Londonlik kelin Jeni yelib-yugurib uy yumushlariyu, bog‘dagi gullar parvarishi bilan shug‘ullanishni yaxshi ko‘rib qolgan. Jeni gullarga boqib kuladi, ularni mehr to‘la qo‘llari bilan silaydi, ulardan zavq oladi. Shu sabab rang-barang ochilayotgan gullar ko‘zni yashnatadi. Erta tong hovliga suvlar sepilgan, ayvonga nonushta tayyorlangan. O‘zbekchani anchagina o‘rganib olgan Jeni “Assalomu alaykum” deb oilasi a’zolarini tong bilan qarshilaydi. Uyga kelgan mehmonlarni to‘rga o‘tkazib, ketayotganlarida “Yaxshi boring”, “yana keling”, deya tabassum bilan kuzatib qo‘yadi.

Qo‘ni-qo‘shnilar angliyalik kelindan minnatdor. U tongda bir o‘zini emas qo‘shnilarning ko‘chalarigacha supurib, suv sepib duolarini olgani olgan. Qo‘shnilar, qarindoshlarning farzandlari hatto Jeni kelinoyidan ingliz tilini o‘rganib olishayotir. O‘zbegimning bag‘ri kengligi, mehmondo‘stligi londonlik qiz qalbiga ko‘chayotganidan bu bir darak”.