Qonun buzilishiga sabab nima?
Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasi fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Keyingi yillarda yurtimizda ham mazkur tizimni yanada takomillashtirish, xususan, xizmat ko‘rsatish vaqtini qisqartirish va sifatini oshirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Ammo u qancha isloh qilinmasin, jarayonda qonun buzilishi bor ekan, bundan birinchi navbatda fuqaro jabr ko‘radi.
Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, tekshirish va monitoringlar o‘tkazish davomida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 32509 ta qonun buzilishi aniqlangan. Shundan, 28020 holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddati buzilgan, 3331 holatda murojaatlar asossiz rad etilgan, 84 holatda murojaatchidan ortiqcha hujjat talab qilingan bo‘lsa, 63 holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.
Buni tashkilotlar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati va uning hududiy filiallari tomonidan shu davrda 15039 ta so‘rovnomani ko‘rib chiqish tartibi buzilgan. Undan keyingi o‘rinlarda turgan Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi va uning hududiy filiallarida 4531 ta, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filialida 3772 ta, sog‘liqni saqlash muassasalarida 2208 ta, qurilish va arxitektura idoralarida 1719 ta, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialida 1056 ta qonunbuzilishi aniqlangan. Xususan, ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ham 644 holatda davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini buzgan.
Misol uchun, fuqaro T.N.ning 2024-yil 12-iyundagi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborgan “Maishiy iste’molchilarni 20 kWt gacha bo‘lgan elektr tarmoqlariga ulash” to‘g‘risidagi so‘rovnomasi ijro uchun Paxtachi tuman elektr tarmoqlari korxonasiga yuborilgan. Ma’muriy reglamentda quvvati 20 kWt gacha bo‘lgan iste’molchilarni elektr tarmoqlariga ulashda texnik shartlarni ishlab chiqish talab etilmasligi va ulash sxema asosida amalga oshirilishi belgilangan. Biroq mas’ullar mazkur so‘rovnomani ko‘rib chiqishda reglament talablariga rioya etmagan hamda quvvati 10 kWt gacha bo‘lgan elektr tarmoqlariga ulash uchun “texnik shart” ishlab chiqib, tizimga yuklagan.
Xuddi shunday, xususiy korxona rahbari I.O.ning 2024-yil 7-avgustdagi “Gaz ta’minoti loyihasini hududiy gaz ta’minoti korxonasi bilan kelishish” to‘g‘risidagi so‘rovnomasi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan 7 kunga kechiktirib ko‘rib chiqilgan va “aniqlanmadi” degan vaj bilan asossiz rad etilgan. Bu kabi qonunbuzarlik gaz ta’minoti korxonasi tomonidan ko‘p bora takrorlangan. Bu esa aholining tizimga, umuman, davlat xizmatlari sohasiga ishonchini yo‘qotmoqda.
- Yangi uy-joy qurib, gaz tarmog‘iga ulanish uchun ikki marta ariza yozdim, - deydi shaxsini oshkor qilmasligimizni so‘ragan fuqarolardan biri. – Har gal rad javobini oldim. Davlat xizmatlari markaziga kelsam, bizda muammo yo‘q deyishadi. Yana shu, eski tartib, tumandagi gaz ta’minoti korxonasiga borishga majbur bo‘ldim. Bu xalqni ovora qilish emasmi?
Biz davlat xizmati ko‘rsatish jarayonidagi qonun buzilishlarining sababini bilish maqsadida yuqorida nomi tilga olingan ayrim idoralar mas’ullari bilan bog‘landik. Ba’zilari mazkur raqamlar qayerdan kelganini bilmaymiz deyishsa, boshqalari aslida qonunlarni buzmaganligi, so‘rovnomalarga asosli “rad” javobini berishganini ta’kidlashdi.
— Adliya boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda mavzu doirasida atroflicha gaplashib, fikr va takliflarimizni berganmiz, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali yetakchi muhandisi Shoxruh Nomozov. – Jumladan, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar reglamenti qisqa belgilangan. Bugungi shtatlar birligi bilan kelib tushayotgan so‘rovnomalarning barchasini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish imkonsiz. Bundan tashqari, reja bo‘yicha va davlat dasturlari bo‘yicha topshiriqlar, tarmoqlarda avariya holatlari bo‘ladi. Xodimlarimiz shusiz ham yuklama bilan ishlab, yana so‘rovnomalarni vaqtida ko‘rib chiqmaganligi uchun intizomiy jazoga tortilmoqda. Buni qayta o‘rganish kerak.
Darhaqiqat, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida yuqoridagi holatlar bo‘yicha vakolatli idoralarning rahbarlari nomiga 41 ta taqdimnoma va 649 ta ogohnoma kiritilgan. Shuningdek, 288 nafar aybdor shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, 17 nafarining intizomiy javobgarlikka tortilishi ta’minlangan. Shundan 2 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Demak, qaysidir ma’noda asossiz “rad” etilgan so‘rovnomalar uni o‘z vaqtida ko‘rib chiqa olmasligini bilgan mas’ullarning javobgarlikdan qochishga urinishi deyish mumkin. Yoki o‘rtada yana qandaydir manfaat bor. Bu harakatga sabab kerak-ku. Xullas, bir muammo ikkinchisini, u esa uchinchisini keltirib chiqarmoqda. Orada murojaatchi ovora.
Mas’ullar masalaning oxiriga yetishi kerak.
Asqar BAROTOV.