Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda
Parlamentga «Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi kiritildi.
Senat vakolatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda. Unga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish, Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda Oliy Majlisning qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, qonunni u Senatga kelib tushgan kundan e’tiboran 60 kun ichida ko‘rib chiqish va boshqalar nazarda tutilmoqda.
Senat a’zolari har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari prezident tomonidan tayinlanishi (jami 65 nafar) belgilanmoqda. Doimiy asosda ishlovchi senatorlar soni 25 nafar miqdorda saqlanib qolmoqda.
Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tugatish taklif etilmoqda.
Senatning quyidagi vakolatlari bekor qilinib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanmoqda:
• davlat byudjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
• prezident taqdimiga binoan bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;
• bosh vazir, hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartiriladi. Bunda:
• spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda;
• fraksiya rahbari moddiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra spiker o‘rinbosariga tenglashtirilmoqda.
Qonunchilik palatasi va Senatning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o‘tkaziladi, Senatning yangi tarkibi 1 oy mobaynida shakllantiriladi.