Qonunga xilof ishlar kimsaga naf keltirmaydi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida viloyat prokurori yordamchisi I.Ravshanov, universitetning huquqshunoslik fakulteti dotsenti D.Qurbonov bilan “Biz korrupsiyaga qarshimiz!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Professor-o‘qituvchilar hamda tinglovchilar ishtirok etgan tadbirda prokuror yordamchisi viloyatdagi korupsiyaviy jinoyatlar, xususan, ta’lim sohasidagi korrupsiya bilan bog‘liq holatlar va ularning oldini olish haqida so‘z yuritdi.

- O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish  to‘g‘rusida”gi Qonunda jamiyatni yemiruvchi ushbu illatga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlar qat’iy tartibga solingan, - dedi D.Qurbonov. - Joriy yilning 5 mart kuni Prezidentimiz Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida qonunda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, masalaga jamoatchilik, parlament va fuqarolik jamiyati institutlarini keng safarbar qilish masalalarini ilgari surdi.

Davra suhbatida davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda farmonda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati, amaliy chora-tadbirlar dasturi haqida tushunchalar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.