“Qora bozor”dagi san’at asarlarining 30 foizi qalbaki bo‘lib chiqadi
Turli baholashlarga ko‘ra, xalqaro san’at asarlari bozoridagi nodir ashyolarning qariyb 30 foizi qalbaki ekan. Nodir buyumlarni soxtalashtirishga ixtisoslashgan firibgarlar nafaqat xususiy xaridorlarni, balki eng zo‘r san’atshunos ekspertlarga ega mashhur jahon muzeylarini ham dog‘da qoldirishlari mumkin.
London Xitrou aeroporti chegarachilari Baxrayndan kelayotgan ikkita katta jamadonni ochib hayratda qolishdi. Ular qadimgi nodir buyumlarga liq to‘la edi. Jamadonlarda avaylab o‘ralgan qadimgi yozuvli taxtacha, taqinchoq, niqoblar va boshqa buyumlar bor edi. Bu durdonalar Ossiriya qiroli Adadnirari hukmronligi davriga mansub bo‘lib g‘oyat bebaho hisoblanardi. Kontrabanda Britaniya muzeyining Yaqin Sharq bo‘limiga ekspertiza uchun jo‘natildi. Aniqlanishicha, musodara qilingan buyumlar ustalik bilan qalbakilashtirilgan nusxalar ekan. Tablichkalar quyoshda emas, zamonaviy o‘choqda kuydirilgan, xuddi asldek yozuvlar esa ma’nosiz belgilar va ramzlar bo‘lib chiqdi. Buyumlar qora bozorda haqiqiy bahosida sotishga mo‘ljallangandi.
Tog‘aymurod ShOMURODOV tayyorladi.