Qora dunyoda yashayotganlar: Ular tibbiy madaniyatsizlik, atrofdagilarning qotib qolgan ongi tufayligina o‘zlarini begona his qilib kelmoqda

Shunday kasallik bor — biz uchun fojia, og‘ir dard, rivojlangan jamiyatlarda esa bu kasallik hisoblanmaydi, hatto bu “dard”ga uchragan odamga bemorlik ta’tili ham berilmaydi. Ular hamma joyda ishlaydi, hamma kabi do‘stlari bor, jamiyatda o‘zini erkin va baxtli his etadi. Bizda esa ular boshqalardan qochadi, o‘zini begona his qiladi...

Tibbiy madaniyat yetishmasligi, sohaga oid bilimlar yo‘qligi sababli ayrimlar ularga butunlay boshqa kasallik — moxov nomini ham taqashadi. Va ular yashagan joylar ba’zan “moxovxona” ham deyilmoqda. Holbuki, bu kasallik nomi vitiligo (pes) bo‘lib, aslida aksariyat davlatlarda kasallik emas, teridagi kichik kosmetologik kamchilik, deb baholanadi, hech qachon birovdan birovga yuqmaydi ham. 

Yaqinda Samarqanddagi xalq orasida moxovxona deb yuritiladigan hudud haqida xabarlar chiqqach, Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori, professor, soha bo‘yicha katta tajribaga ega olim Egamberdi Eshboyev tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, ayni shu masala yuzasidan o‘zining fikrlarini bildirdi.

Professor Egamberdi Eshboyev 300 dan ortiq ilmiy maqolalar, shu jumladan, bir qancha darsliklar, "Teri va tanosil kasalliklari", "Mikrobiologiya, virusologiya, immunologiya", "Mikrobiologiyadan amaliy mashg‘ulotlar" hamda "Urogenital etiologiyali reaktiv artritlar", "Urogenital xlamidioz", "Ular endi borsa-kelmasga yuborilmaydi" kabi monografiyalar va qator ko‘llanmalar muallifidir.

Bosh leprolog sifatida Hindiston, Nepal, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Turkiya kabi chet davlatlarda leprologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzalar bilan chiqishlar qilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti eksperti. Olim ayni masala yuzasidan quyidagicha so‘z boshlaydi:

— Birinchidan, Samarqandda mana 50 yildirki hech qanday moxov kasali yo‘q, – deydi E.Eshboyev. – Ikkinchidan, qachondir topilgan taqdirda ham hozirgi tibbiyot oldida bu kasallik bedavo emas. Uchinchidan, vitiligo, bu – moxov ham emas. Samarqandda ayrimlar tomonidan “moxovxona” deb yuritiladigan hududda nafaqat bugun, o‘tmishda ham moxov kasaliga chalinganlar bo‘lmagan. Oddiygina teri defekti – vitiligoga uchraganlar yashagan, xolos.

Rudakiy haykalini moxovxonaga ko‘chirishmoqchi, degan gapni eshitgach, sizlarga bog‘lanishga qaror qildim. Men o‘ttiz yildan buyon moxov (lepra) kasalliklarini aniqlash, tashxislash, davolash va profilaktikasi bilan shug‘ullanaman. O‘zbekistondagi yagona leprologman. (Moxovga chalinganlarni davolovchi shifokor). Moxov kasalligi terining yuqumli kasalligi, kasallikning manbai bemor odam. Uzoq vaqt bemor odam bilan muloqotda bo‘lganda kasallik yuqib qolish ehtimoli bor. Sil kasalligiga qaraganda moxovning yuqish darajasi 100 baravar past. Kasallikni leprobakteriyalar qo‘zg‘atadi.

1895 yildan buyog‘iga, mana, 100 yildan ziyod vaqt ichida yurtimizda bor-yo‘g‘i 18 nafar moxovga chalingan bemor aniqlangan. Bularning ham asosiy qismi boshqa joylardan ko‘chib kelgan. Odamlarning bu kasallikdan qo‘rqishining sababi avvallari kasallangan bemorlarni davolaydigan maxsus dori-darmon bo‘lmagan. Shuning uchun bemorlarni davolashning birdan bir yo‘li, qadimdan ularni izolyasiya qilish bo‘lgan.

Solishtirish uchun, XVI-XVIII asrlarda Yevropa davlatlarida 2000 dan ortiq moxovxona bo‘lgan. O‘zbekistonda o‘tgan asrda 2 ta moxovxona qurilgan. Butun sobiq ittifoq hududi uchun 1931 yilda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani hududidada qurilgan. Hozirda bu hudud Jizzax viloyatining Baxmal tumaniga qaraydi. 2006 yilda esa boshqa kasallik chiqmagani uchun bu moxovxona Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan butunlay yopilgan.

Xo‘sh, shuncha vaqtdan beri moxov kasalligi aniqlanmagan bo‘lsa, ular izolyasiya qilinadigan joy ham allaqachonlar yopilib ketgan bo‘lsa, nima sababdan Samarqandda aholi o‘rtasida “moxovxona” deb ataladigan joy bor?

– O‘z vaqtida sobiq Siyob va Temiryo‘l tumanlari hududida oq dog‘lari bor, vitiligo kasaliga uchragan odamlar shu joylarda yig‘ilib qolgan, – deya so‘zida davom etadi E.Eshboyev. – Tushunmagan omma avvallari ularni ham bilmasdan chetlatishgan. Tushunmaslik oqibatida bemorlar diskriminatsiyaga uchragan. Oqibatda oqi bor odamlar yaqin bo‘lib, bir hududda to‘planib, quda-anda bo‘lib ketgan. Shu sababdan moxovxona degan hudud paydo bo‘lgan. Vitiligo - bu butunlay boshqa kasallik, yuqumsiz teri kasalligi bo‘lib, kosmetik nuqson hisoblanadi. Kasallikning asosiy belgisi oq dog‘ tushishi hisoblanadi, og‘rimaydi ham, sezgilar ham ketmaydi. Lekin xalqning asosiy qismi tibbiy madaniyat pastligi sababli o‘zini chetga olib yurishadi.

Respublikamizda yiliga bitta moxov kasali aniqlanmagan paytlar ham bo‘ladi. 2-3 yilda bitta chiqishi mumkin. Biz ularni uyida davolaymiz. Ammo vitiligo butun dunyoda juda ko‘p, oddiy holat bo‘lib qolgan. Misol uchun, dunyo aholisining qariyb 1,5 foizida vitiligo bor va u mutlaqo xavfsiz kasallik, Yevropada, hatto Rossiyada ham buni kasallik ham deyishmaydi.

Nima uchun moxov bilan vitiligoni yonma-yon gapiramiz? Moxovda ham dastlabki belgilardan bittasi tanaga tushgan oqimtir dog‘ hisoblanadi. Ba’zan qizg‘imtir bo‘lishi mumkin. Vitiligoda esa oq dog‘ tushadi. Moxovdan nima uchun qo‘rqishgan? Sababi, qadimda, hali davo topilmagan vaqtlarda kasallik boshlanib 6-8 yil o‘tgach, bemorning tanasiga turli kattalikdagi tugunlar chiqadi. Tugunlar og‘rimaydi, qichimaydi. Mana shu tugunlar bemorning peshonasiga qoshlar, burni atrofiga, lunji, iyaklari, quloqlari suprasiga toshmalar chiqib ketadi. Oqibatda bemor yuzi qo‘rqinchli bo‘lib qoladi. 

Moxovda bemorlarning nerv tolalari ham zararlanadi, shuning hisobiga qo‘llari, oyoqlari terisi og‘riqni, issiqni, bosimni, qichishni sezmay qoladi. Demak, nerv tolalarining zararlanishi hisobiga sezgi yo‘qoladi. Yuzlar qiyshayadi, ko‘zlari shillig‘i og‘riqni sezmaydi. Natijada bemorning afti xunuklashadi. Qo‘llari akashak bo‘lib qoladi. Tinimsiz kuyish, zirapcha kirish kabilar oqibatida jarohatlar ko‘payib ketadi... Ammo bunaqa holatdagi bemor O‘zbekistonda bitta ham yo‘q, chunki aniqlangan zahoti davolanadi, davosi bor. 

Vitiligo esa yuqorida aytilganidek, juda oddiy holat bo‘lsa-da, yuqmasa, og‘rimasa, tanaga zarari yetmasa-da bizda fojia sifatida qabul qilinadi. Tibbiy madaniyat rivojlangan xalqlarda e’tibor ham berilmaydi. Ming, ming afsuslar bo‘lsin, bizda hatto o‘z joniga qasd qilganlar orasida ham aslida terisiga oq dog‘ tushgani uchun shunday qilgan bo‘lib chiqadi ba’zan.

Xullas, bu kasallikdagi yagona muammo xalqning ongi bilan bog‘liq. Hozir oldimizda turgan eng asosiy masala, mana shu – vitiligoning fojia emasligini tushuntirish, tibbiy madaniyatni oshirish, odamlarga uning oddiy narsa ekanini anglatish. Chunki odamlar buni fojia deb qabul qilishi ortidan minglab insonlar qora dunyoda yashashyapti bizda. Holbuki, dunyoda millionlab odamlarda bu nuqson bor.  Va ular jamiyatdan ajratilgan emas. Shunday bo‘lgani holda, Samarqanddek shaharda bir necha vitiligoga uchragan odamlar uchun, bir hududni moxovxona deyish hudud ahli uchun yarashmasligini bildirmoqchi edim.