Qorabog‘dagi ziddiyat: Aliyev va Pashinyan yangi bayonot bilan chiqdi
Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog‘ hududidagi vaziyat, shuningdek, mintaqaning maqomi to‘g‘risida yangi bayonot berishdi. Bu haqda 19 oktyabr kuni Sputnik nashri xabar berdi.
Ozarbayjon prezidenti o‘zining Tvitter sahifasida Ozarbayjon armiyasi Jabroil tumanida joylashgan bir nechta aholi yashash punktlarini o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi.
“Ozarbayjon qurolli kuchlari bosib olingan Isagli Jabrail tumanida joylashgan Sultonli, Amirvanli, Mashanli, Gasanli, Alikeyxanli, Qumloq, Xojili, Goyarchinveyselli, Niyazgullar, Kechel Memmedli, Shaxvelli, Xoji Ismailli qishlog‘larini ozod qildi”, deb yozdi Ozarbayjon yetakchisi.
Shuningdek, Ilhom Aliyev Armaniston hukumatini navbatdagi insonparvarlik muzokaralarini yo‘qqa chiqarganlikda aybladi.
O‘z navbatida, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘zining Facebook sahifasida Qorabog‘dagi janglar hududning maqomi uchun olib borilayotganini ma’lum qildi.
“Ushbu urushning sababi, birinchi o‘rinda Qorabog‘ maqomi uchun olib borilmoqda. Ikkinchisi, biz ushbu urushning oldini olsak bo‘larmidi? Ha, agar kelgusida maqomni to‘g‘irlash mexanizmi bo‘lmagan taqdirda, hududni topshirib, uning noma’lum maqomiga, noma’lum muddatga rozi bo‘lganimizda”, deb yozdi Armaniston bosh vaziri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qorabog‘ uchun maqbul biron bir maqomga erishish mumkin emas. Sababi, oxirgi imkoniyat 2011 yilda Qozon shahrida o‘tkazilgan sammitda boy berilgan. O‘shanda Yerevan va Boku Moskva ishtirokida Qorabog‘dagi kelishuvning asosiy tamoyillari bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan.