Qoraqasmoqmi yoki Qoraosmoq?

Joy nomlari bilan bog‘liq atamalarni o‘zgartirib talaffuz qilish uning ma’nosiga ham ta’sir qilishi mumkin.

Yaqinda qishlog‘imizga kiraverishda “Xitoybolo” deb yozib qo‘yishdi. Shuncha vaqt uni boshqa mazmunda tushungan ekanmiz. Biz bu nomni “Xitoybola” deb talaffuz qilardik. Aslida esa u “Xitoybolo”.

Ensiklopedik lug‘atda “xitoy” turkiy xalqlardan birining nomi sifatida keltirilgan. “Bolo” esa fors-tojikchada “baland”, “yuqori” degan ma’nolarni anglatadi. Buni keksalarimiz ham tasdiqlashdi. Qishloqning geografik joylashuvi shu tarzda nom olishiga turtki bo‘lgan. Ya’ni, u tog‘oldi hududda joylashgan.

Jomboy tumanida “xitoy” so‘zi bilan bog‘liq joy nomlari talaygina. Xitoypoyon mahallasi, Xitoy qishlog‘i, degan hududlar bor. “Xitoy” turkiy qavmlardan birining nomi hisoblanadi. Ularning aynan bu hududga kelib qolishi haqida manbalarda batafsil bayon etilgan.

XI asrga kelib kidanlarning Shimoliy Xitoydagi davlati tugatilgach, bir qismi O‘rta Osiyoga ko‘chib kelgan. Manbalarda ularni qoraxitoylar deb atashgan.

XVI asrga kelib xitoylarning bir qismi Shayboniyxon qo‘shinlari tarkibiga kirgan. Tarixdan ma’lumki, Shayboniyxon Samarqandni egallashda bugungi Jomboy hududi tomondan yurish qilgan.

Yuqorida tilga olingan qishloq aholisi shu tariqa vujudga kelgan, degan xulosaga kelishimiz mumkin. Demak, “Xitoybolo” balandroqda yashovchi aholi qishlog‘i ma’nosini beradi. Uni shu tarzda ifoda etish maqsadga muvofiq.

Shunday qishloqlardan yana biri Qoraqasmoq qishlog‘i o‘zining tabiati, aholisining mehmondo‘stligi bilan ajralib turadi. Bu manzilda Shayx Xudoydod Valining muborak ziyoratgohi ham mavjud. Shuningdek, qadimiy qoyatosh sur’atlariga ham ko‘zingiz tushadi. Asrlarga tutash bu hudud tuman tarixining bir bo‘lagidir.

Aholining aytishicha, sobiq tuzum davrida aholining ko‘pchiligi paxta yetishtirish uchun majburan pastroqqa ko‘chirilgan ekan. Qishloqning nega aynan bunday atalgani xususida turlicha qarashlar bor.

Xususan, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib Abdualim Sulaymon o‘g‘li bu borada o‘zining fikr-mulohazalarini bayon qilgan edi.

– Tog‘ etagidagi qishloqning nomi Qoraqasmoq emas, Qoraosmoqdir, – deydi u. – Odatda, ayollar taom tayyorlasa, “ovqat qildim”, “ovqat osdim” ko‘rinishida ifoda etadi. Ziyoratga borgan kishilar bu joyga jonlik olib borib so‘yishadi. Jonlik bo‘lgan qoramol, qora qo‘yni so‘ydik, uni osdik, taom tayyorladik, deyishadi. “Qora”ni osib, yeb kelgani uchun bola paytimizda “Qoraosmoq”qa bordik, der edik.

Ta’kidlash kerak, mamlakatimizning Navoiy, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari tarkibida shunday nomli qishloqlar mavjud. Barchasida aynan “Qoraqasmoq” shaklida uchraydi.

Binobarin, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi toponimika ilmiy-tadqiqot instituti a’zolari To‘ra Nafasov hamda Vazira Nafasova tomonidan nashrga tayyorlangan “O‘zbek tili toponimlarining izohli lug‘ati”da Nurota tumanidagi Qoraqasmoq qishlog‘i misol sifatida keltirilgan. Qolaversa, Qoraqasmoq atamasi ming yillar avval paydo bo‘lgan genezis. O‘zbek urug‘laridan biri bo‘lgan Qo‘shtamg‘alining bir shoxobchasi Qoraqasmoq hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Qoraqasmoq elati Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib islomni qabul qilgan. Yana bir ma’lumot. Abu Tohirxo‘janing “Samariya” asarida G‘o‘bdin tog‘lari haqida qaydlar uchraydi. Jumladan, tarixchi bobomiz “Huddun etaklari ushriydir…”, deb yozadi. Ushr solig‘i islomni qilichsiz qabul qilgan xalqlarga imtiyoz sifatida qo‘llangani ma’lum.

Demak, ikki ma’lumotni birlashtirsak, hozirgi G‘o‘bdin etaklarida ming yilcha avval Qoraqasmoq elati yashagan bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqib, qishloq nomini Qoraqasmoq shaklida qo‘llash haqiqatga yaqinroq.

Zotan, zamonaviy rasmiy hujjatlarda ham Jomboy tumanining Qo‘ng‘irot mahallasi tarkibidagi bu qishloq nomi shu shaklda tasdiqlangan.

Dilmurod MAHRAMOV,

“Adolat” SDP viloyat kengashi raisi o‘rinbosari.