Qorasuv massivida yana bir maktabgacha ta’lim tashkiloti ishga tushdi
Samarqand shahar Qorasuv massivida 300 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Ushbu 51-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti Investitsiya dasturi asosida “PMK-7” MChJ tomonidan 13,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan yangidan qurildi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda jurnalistlar bog‘chada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
- Maktabgacha ta’lim tashkilotimiz joriy yilning 15 iyun kunidan o‘z faoliyatini boshladi, - dedi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Hilola Rahimova. – Zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan bog‘chamizda bolajonlar uchun alohida 150 o‘rinli oshxona, sport zal, yotoqxona, yozgi besetkalar, basseyn mavjud. Bu yerda bolalarni qabul qilishdan tortib mashg‘ulot jarayoni, ovqatlanish, basseynda cho‘milish, uxlash hammasi kameralashtirilgan. Bundan tashqari, bog‘chamizda ingliz va rus tiliga mo‘ljallangan guruhimiz bor. Sentyabrda fransuz tiliga mo‘ljallangan guruh ham ochishni rejalashtiryapmiz.
Shuningdek, ota-onalarning talabiga ko‘ra, taekvando, gimnastika, raqs va tasviriy faoliyat to‘garaklari tashkil etdik.
Maktabgacha ta’lim tashkilotda 45 nafar ishchi xodim faoliyat yuritmoqda. Ulardan tarbiyachilarning barchasi (20 nafar) oliy ma’lumotli pedagoglardir.
- Viloyatda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 261910 nafari, ya’ni 70,6 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Furqat Jiyanov. – Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida jami 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 288 ta oilaviy, 9 ta davlat-xususiy sheriklik asosida 4 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari foydalanishga topshirildi. Bular hisobiga 10400 dan ortiq yangi quvvat yaratildi.