Qorasuvni yayov kezganda...

Qorasuv maskaniga ko‘chib kelganimga bir hafta bo‘libdi hamki yangi shaharchani tomosha qilishga vaqt topganim yo‘q.

Uyda kitob o‘qib o‘tirgan edim, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Ochsam Tohir do‘stim. Ichkariga taklif qildim, kirmadi. «Yur, shaharni aylanib chiqamiz» dedi ishtiyoq bilan. Ayni muddao bo‘ldi, deya darhol kiyinib chiqdim.

Tohir qadrdon do‘stim, o‘n yil bir sinfda o‘qiganmiz. Qishloqda ham o‘rtamizda bor-yo‘g‘i uchta xonadon bor. Bu yerda esa oramiz yanayam yaqinroq. U Qorasuvga mendan ikki oy oldin ko‘chib kelganligi sababli yo‘l boshlovchi bo‘ldi.

Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan, bir-biridan chiroyli ko‘p qavatli binolarning juda qisqa vaqtda qurib bitkazilganligi, ravon ko‘chalar, bolalar o‘yingohlari deysizmi, binolar oldidagi ko‘kalamzorlashtirish ishlari-yu avtomobillar uchun maxsus joylar deysizmi, hammasi turmush farovonligimiz uchun qilingan. Amalga oshirilayotgan ishlar haqida birimiz qo‘yib, birimiz maqtab chamasi bir soatlarda shaharchani aylanib chiqdik.

Obod va go‘zal manzaralardan ko‘zingiz yashnab, dilingiz yayrasa, ba’zi noxush holatlarni ko‘rib ko‘nglingiz xira tortadi.

Avvalo, Qorasuv maskanining nomlanishi xususida maskanning nomida ko‘ngilga xira qiladigan holat bo‘lmasa-da, qo‘yiladigan nom o‘sha joyning geografik yoki etnografik holatlariga mos bo‘lishi lozim deb hisoblayman. Xalq tilida aytganda ismi jismiga mos bo‘lishi kerak.

Qorasuvdan quyi tomon ozroq yursangiz Zarafshonning bir irmog‘i «Qoradaryo», quyi tomon yana 10 kilometr chamasi yursangiz «Qorateri», yana shuncha yurib o‘ng tomonga 4-5 kilometr kirsangiz «Qorabotir», nariroqda esa «Qoraxo‘ja», tuman markazidan chap tomonga ketsangiz yana bitta «Qorateri» va «Qoratuxum» va Ishtixon tumaniga chegaradosh «Qoraxitoy» degan joyimiz ham bor. Bu «qora»larning barchasi albatta, qishloqlarimiz  nomi. Barcha «qora»larning hududini birlashtirib turadigan tumanimiz nomi esa Oqdaryo! Shunisigayam xursandmiz!

Yana Qorasuvga qaytadigan bo‘lsak, bu go‘zal shaharga Qoradaryo sohili bo‘ylab qurilayotganligi sababli uni «So‘lim sohil» maskani deb atash maqsadga muvofiq bo‘lar edi. (sohil atamasini dastlab Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti professori Baxtiyor Ergashev aytganligini eslash o‘rinlidir). Men kelajakda daryo sohili so‘lim, salqin va orombaxsh bo‘lishiga ishora qilib «So‘lim sohil» deb atashni o‘rinli deb hisoblayman. Hali bundan-da ma’qulroq takliflar chiqib qolar, balki.

Meni uzoq yillardan buyon o‘ylantirib keladigan bir muammo borki, u ham bo‘lsa odamlarimizda ko‘pchilik bo‘lib yashash madaniyati va ko‘nikmasining yomon holatda ekanligidir. Shahar ko‘chalari bo‘ylab aylanarkanmiz, duch kelgan joyga tashlangan niqob va turli qog‘oz chiqindilar deysizmi, yo‘laklar chetidagi yashil maysazorlarning payhon qilinishi deysizmi, sindirilaverib majruh ahvolga keltirib qo‘yilgan archa va kashtan ko‘chatlari deysizmi, xullas, ko‘ngilni xira qiladigan bunday holatni hamma joyda ko‘rish mumkin. Zamonaviy, yap-yangi shaharchaga munosabat shunday bo‘lsa, bilmadim buni qanday izohlash mumkin?! Afsuski, respublikamizning deyarli barcha katta-kichik shaharlarida ham «hazm» qilib bo‘lmaydigan bunday holatni ko‘rish mumkin.

Tohir do‘stim bilan yana ozroq yurib, yo‘l chetiga qo‘yilgan chiqindi qutilari yaqinida to‘xtadik. Bu yerda ham o‘sha manzara - odamlar yelim xaltachalarda olib kelgan chiqindilarni quti yaqiniga kelmasdanoq uloqtirib ketishyapti. Lift va zinalardagi manzaralar ham quvonarli emas.

Kundan-kun ham bo‘yiga, ham eniga kengayib borayotgan bu mo‘’jazgina shaharchada ozodalikning eng namunaviy va yuksak elementlarini ishlab chiqish hamda hayotga tatbiq etish shu hududda  yashovchi har bir kishining burchidir. Buning uchun mahalla va uning faol oqsoqollari, fidoyi yoshlar, shuningdek, shahar jamoatchiligi oyoqqa turishi kerak.

O‘ktam IKROMOV,

Oqdaryo tumani.