Qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirilishida ilmlilik bosh mezon bo‘lishi kerak
Shu kunlarda xorij oliygohlariga o‘qishga chorlov, ya’ni “imtihonsiz talaba bo‘lish” va natijada abituriyentning bilimini hech bir mezon bilan baholamay qandaydir pul evaziga (shartnoma to‘lovlari, yana boshqa ajratmalar) talabalikka qabul qilish haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinyapti. Nima emish, bir yildan so‘ng (talaba o‘qishga bordimi yoki bormadimi bundan qat’i nazar) vatanimizga o‘qishni qoyil qilgan qahramonlardek ko‘chirish mumkin... Buni qanday tushunish mumkin? Bu holat qo‘shni davlatlar nufuzli oliy o‘quv yurtlarining bizga sifatli kadr tayyorlashdagi o‘ziga xos “yordam”imi?
Mamlakatlar o‘rtasida shartnomalar tuzilayotgan vaqtda shu mezon hisobga olinadimi yoki bu yerda sifat uncha ahamiyatga ega emasmi? Biz mamlakat ichida sifatga katta e’tibor qaratayotgan vaqtimizda, bizga xorijlik do‘stlarimiz mahalliy o‘g‘il-qizlarimizni bir yil o‘qitib yo o‘qitmay qaytarib yuborayotganligini nima deb tushunish mumkin? Bu holat yurtimizda ta’lim olayotgan talabalarning ham faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin-ku! Boshqa tomondan, oliy ta’lim tizimini korrupsiyasiz sohaga aylantirish uchun tinmay kurash olib borilayotgan bir paytda, imtihonsiz, osongina qo‘shni davlatning biror oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan bilimsiz talaba shunday xavfni ham targ‘ib qilmasligiga kim kafolat beradi?
Bu sohadagi o‘tgan yilgi amaliyot shuni ko‘rsatdiki, davlat komissiyasi tomonidan bizga tavsiya qilingan talabalarning ayrimlari hatto hujjatning asl nuxasini ham o‘sha oliy o‘quv yurtlaridan olib kelib taqdim qila olishmadi. Bunga bir tomondan COVID-19 bilan bog‘liq karantin holatlari sabab bo‘lsa, boshqa tomondan dars bo‘lmagan yoki dars bo‘lsa ham ular darsga qatnashishmagani aniqlandi.
Birgina Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida o‘tgan o‘quv yilida davlat komissiyasining qaroriga binoan 189 nafar talaba - Qozog‘istonning 14 ta OTMidan 160 nafar, Qirg‘izistonning 4 ta OTMidan 8 nafar va Tojikistonning 5 ta OTMidan 21 nafar talaba murojaat qilgan bo‘lib, shundan mos ravishda 161 nafari talabalikka qabul qilindi.
Bundan tashqari, 33 nafar abituriyent quyidagi sabablarga ko‘ra talabalikka qabul qilinmadi:
a) o‘z xohishiga ko‘ra ko‘chirishdan voz kechgan (6 nafar);
b) kontrakt to‘lovini amalga oshirmagan (16 nafar);
v) qo‘shni davlatdagi OTMda to‘liq 1 semestr o‘qimagan (11 nafar).
Boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham xuddi shunday ko‘zbo‘yamachilik holatlari kuzatildi. Bu amaliyot o‘quv yili davomida barcha OTMlar faoliyatida ijobiy natijalarga olib kelmadi. Bu jarayon, albatta, oliy ta’lim sohasida o‘ziga xos o‘zgarishlar bo‘lishini taqozo qilgan edi.
Joriy yilning 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida o‘tkazilgan oliy ta’lim sohasidagi islohotlar natijadorligi hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida, shuningdek 22 iyunda qabul qilingan Prezidentning “2021-2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarorida ham talabalikka qabul qilinadigan abituriyentlarga barcha imkoniyatlar yaratilganligi alohida ta’kidlab o‘tilgan. Shu qarorning 7-bandida talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan OTMlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat OTMlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda, DTM tomonidan test sinovlari orqali qabul qilinishi belgilab qo‘yilganligi alohida e’tiborga loyiq.
Bu borada Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov, Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov va Davlat test markazi direktori M.Karimovlar ishtirokida aholi orasida turli tushunmovchiliklarning oldini olish, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka to‘g‘ri yetkazilishini ta’minlash maqsadida “Oliy ta’lim muassasalarida 2021-2022 o‘quv yiliga tayyorgarlik, kirish imtihonlarining tashkil etilishi va qabul parametrlari bilan bog‘liq masalalar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida atroflicha tushuntirib berildi.
Demak, joriy o‘quv yilidan boshlab, xorijdan o‘qishni ko‘chirish masalalariga oydinlik kiritilib, bu jarayon ancha tizimga keltirildi. Bu, birinchidan, talabalarda ham, ota-onalarda ham turli aldovlarga ishonib qolmasliklari uchun, ikkinchidan, endi bilimsizlikka undovchi aldovlarga ishonib xorijlarga tentirab yurmaslikka va soxta diplom olish kabi illatlarning oldini olishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, joriy yildan boshlab, davlat OTMlarining magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklariga o‘qishga qabul qilishning ikki bosqichda, ya’ni OTMda mutaxassislikka doir fandan imtihon olinishi va ikkinchi bosqichda DTM tomonidan chet tili bo‘yicha test sinovlari o‘tkazilishidir.
Bunda bitiruvchi-bakalavrlarning, ya’ni milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lganlarning testdan ozod qilinishi va ularga eng maksimal ball berilishi kabi imtiyozlarning yaratilishi ham juda katta ahamiyatga molik jihat. Chunki ko‘p yillik tahlillar shuni ko‘rsatadiki, magistratura mutaxassisligiga kiruvchilarga qo‘yilgan talablarda uning bazaviy ma’lumoti so‘ralmas edi. Misol uchun, qishloq xo‘jaligi oliygohlarining zootexnik yoki menejment mutaxassisligini bitirgan bakalavr moliya institutiga ham hujjat topshirishi mumkin edi. Endi esa mutlaqo yangicha yondashuv kuchga kirdi. Ya’ni, endilikda biz tayyorlayotgan bitiruvchi-bakalavrlardan mutaxassis fanlar bo‘yicha bilimni xorijiy talab darajasida bilishi talab etiladi. Bu esa ularga albatta magistraturaga kirishda so‘zsiz asqotadi.
Olim Murtazayev,
TDIU Samarqand filiali direktori, professor.