Qo‘shni viloyatlarda nima gap?: Aydarko‘l - “Sahro marvaridi”

Jizzax shunday maskanki, uning bir oyog‘i cho‘l hududida bo‘lsa, bir oyog‘i Baxmal, Zomindek tog‘li va o‘rmonzorlarga tegib turadi. Shuning uchun bu yerga tashrif buyurgan har qanday kishi beminnat oftobdan yaxshigina qorayishi yoki salqin, toza havosidan bahra oladi.

Ammo bugun jizzaxliklarning mehnati, tadbirkorligi tufayli cho‘l ancha chekingan. Bunda cho‘l qo‘ynida yastanib yotgan Aydarko‘l degan ulkan ummonning mavjudligi ham katta rol o‘ynaydi.  

Darhaqiqat, “Sahro marvaridi” nomini olgan Aydarko‘l o‘ziga xos tabiati, nabotot va hayvonot olami bilan nafaqat butun mintaqada, balki Markaziy Osiyoda ham mashhur. Uning bir tomoni Jizzax viloyati hududidan boshlanib, ikkinchi tomoni Navoiy viloyati Qizilqum cho‘llarigacha, uchinchi tomoni Nurotaning Oqtovidan Forishning baland qoyalarigacha tutashgan kengliklarda ko‘m-ko‘k bo‘lib, yastanib yotibdi. 

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining umumiy maydoni 370 ming gektar, uzunligi qariyb 300, o‘rtacha kengligi 25 kilometrdan iborat bo‘lib, eng chuqur qismi 30 metrni, o‘rtacha chuqurlik esa 7 metrni tashkil etadi. 

Afsuski, ushbu ko‘llar tizimida oxirgi yillarda suv sathining pasayishi va suvning tuzlanish darajasi oshishi kuzatilmoqda. Bugun Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining suv hajmi 36,8 kub/kilometrni tashkil etmoqda. Oxirgi 15 yil davomida bu yerda suv 5,2 kub/kilometrga kamaygan. 

– Ayni paytda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida turizm turlarini rivojlantirish uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tashkil etilmoqda, - deydi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sindor Qoraboyev. – Buning natijasida Aydarko‘lga mahalliy va xorijiy sayyohlarning kelishi 2-3 baravarga ko‘payadi.  

 Uxumdagi mo‘’jizalar

Viloyatda turizm salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan sa’y- harakatlar natijasida o‘tgan bir yil davomida Jizzaxga 250 mingdan ortiq chet ellik sayyoh tashrif buyurgan. Bunga vohaning o‘ziga xos tabiati sabab bo‘lsa, yana bir sababi - sayyohlik salohiyati yuqori bo‘lgan joylarda xizmat ko‘rsatishning yaxshi yo‘lga qo‘yilganligidir.  

- Keyingi yillarda birgina Forish tumanida turizm sohasini rivojlantirish maqsadida qariyb 8 milliard 566 million so‘m mablag‘ sarflandi, buning natijasida 2022 yilning birinchi choragida “Uxum” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Yuqori Uxum qishlog‘ida bitta oilaviy mehmon uyi hamda Hayot qishlog‘ida 35 o‘rinli mehmonxona tashkil etildi, - deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nursulton Anorboyev. - Hozirgi kunga qadar tumanda 126 o‘rinli 13 ta  oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritib kelmoqda.   

Darhaqiqat, Nurota tog‘ tizmasi etagida joylashgan Uxum qishlog‘i bugun mahalliy va xorijiy mehmonlarning diqqat markazida. Uning o‘ziga xos, betakror tabiati hududga ilk bor tashrif buyurgan mehmonlarda o‘z maftunkorligi, musaffo havosi bilan taassurot qoldiradi.

Sababi, nafaqat bu yer, balki tumanning sayyohlar tashrif buyuradigan boshqa manzilgohlari ham bevosita tabiat mo‘’jizalari bilan uyg‘unlashgan. Uning shimoliy qismini Aydarko‘l suvlari yuvib tursa, Qizilqum qishlog‘ida bepoyon va olovrang sahroga duch kelasiz. Xonbandi qishlog‘idagi shaffof, zilol sharshara yilning uch faslida o‘zining ajoyib tarovatini yo‘qotmaydi. 

Yormamat Rustamov.

(Davomi bor)