Qo‘shrabot va paxtachilik oltin izlovchilar ushlandi
Tarkibida oltin yoki boshqa qimmatli rudalarni qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanishning o‘z tartib-qoidasi bor. Bunga amal qilmaganlarga nisbatan jinoiy jazo qo‘llanilishini ko‘pchilik yaxshi biladi. Ammo shunga qaramay bu kabi holatlar hamon uchrab turibdi.
Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, viloyat iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va IIB xodimlari hamkorligida Qo‘shrabot va Paxtachi tumanlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ana shunday holatlar qayd etildi.
Qo‘shrabot tumanida yashovchi Sh.B. hamda Paxtachi tumanida yashovchi T.M.ning yashash xonadonlarida jami 7 tonna 129,3 kilogramm tarkibida oltin moddasi bo‘lgan qum zarralari borligi ma’lum bo‘ldi.
Bu ashyolardan oltin olish maqsadida tosh maydalash tegirmonlari, qum quritish pechi, kimyoviy modda va boshqa buyumlardan foydalanib kelinayotgani aniqlanib, hujjatlashtirilib olindi.
Ushbu shaxslar elektr energiyasiga noqonuniy ulanishi oqibatida davlatga 270 million so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Hozirda bu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.