Qo‘shrabot va Payariq tumanlari Shensi tajribasi asosida rivojlantiriladi
2 sentyabr kuni Samarqandga tashrif buyurgan Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Chjao Ide boshchiligidagi delegatsiya kunning ikkinchi yarmida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
- Samarqand va Shensi provinsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlik aloqalari qadimiy asosga ega, bugungi tashrif buni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, - dedi viloyat hokimi E. Turdimov. – Prezidentimiz Xitoy Xalq Respublikasi Raisi bilan muloqotlari davomida ushbu tarixiy hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlab, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish haqida ko‘rsatma bergan edi. Shu asosda amalga oshirilayotgan hamkorlik yil sayin rivojlanib bormoqda. Bugun Samarqand shahri markazida joylashgan Konfutsiy maydoni samarqandliklarning sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Ijtimoiy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish har ikki tomon uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu ikki mamlakat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida bir necha bor ta’kidlangan edi. Shu bois, Shensi provinsiyasining kambag‘allikni qisqartirish, sanoatni rivojlantirish borasidagi tajribasini viloyatimizning Qo‘shrabot va Payariq tumanlarida joriy etgan holda ishbilarmon doira vakillarini manfaatli hamkorlikka chorlaymiz. Bu har ikki tomon uchun ayni paytda o‘ta muhim deb o‘ylayman. Shuningdek, ikki tomon ishbilarmonlarining aloqalarini mustahkamlash uchun alohida yo‘l xaritasi ishlab chiqib, ularning muntazam fikr almashishi uchun ishchi guruh tuzish ham maqsadlarimizning amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda Shensi provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Chjao Ide samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Erkinjon Turdimov tomonidan bildirilgan tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
- Mamlakatlarimiz rahbarlari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida bildirgan tashabbuslari ikki xalq o‘rtasidagi qadimiy do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda, - dedi janob Chjao Ide. – Buni bugungi tashrif davomidagi samimiy muloqotlarimizda ko‘rib, guvoh bo‘lyapmiz. Biz barcha sohalardagi hamkorlikdan manfaatdormiz. Shu bois, Samarqandda Shensi provinsiyasining konsulligini tashkil etish o‘zaro hamkorligimizni, ikki xalq o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Muloqot davomida Samarqand va Shensi o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari borasidagi qator takliflar o‘rtaga tashlanib, kelgusida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Uchrashuvdan so‘ng Erkinjon Turdimov va Chjao Ide Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi tadbirkorlarining biznes-forumida ishtirok etishdi. Forum ochilish marosimida so‘zga chiqqan rahbarlar hududlar o‘rtasidagi hamkorlik qadimda ishbilarmon doira vakillari tomonidan amalga oshirilganligini ta’kidlab, bugungi kundagi manfaatli aloqalar har ikki tomon tadbirlarining o‘zaro hamkorligiga bog‘liq ekanligini qayd etishdi. Shu bois, forum doirasida belgilangan muloqotlarda har ikki tomon vakillari faol bo‘lib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishlari lozimligini ta’kidlashdi.
Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi tadbirkorlarining biznes-forumida har ikki tomon ishbilarmonlari o‘z taqdimotlarini namoyish etib, takliflarini o‘rtaga tashlashdi. B2B ko‘rinishidagi muloqotlar davomida qator loyihalar muhokama qilindi.
Biznes forum yakunida ikki tomonlama hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi.
Chjao Ide boshchiligidagi delegatsiya viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamrohligida Kongress markazda yaratilgan sharoitlar hamda Boqiy shahar majmuasi bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlar Arxeologiya instituti, Registon ansambli va Mirzo Ulug‘bek rasadxona majmuasida ham bo‘ldi.
A. Isroilov.