Qo‘shrabotda mahallaning yangi binosi va oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi barpo etilgan mahalla binosi 3437 nafar aholi yashaydigan eng chekka hududda joylashgan mayintepaliklar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi.
Binoning ochilish marosimida Adliya vaziri Akbar Toshqulov, tuman hokimi Dilshod Shakarboyev va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mahallaning yangi binosi “SXF Samarqand sity” MChJ quruvchilari tomonidan homiylik asosida barpo etilib, qurilish ishlariga 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
Shuningdek, mayintepaliklar yana bir qulaylikka ega bo‘ldi. Mahalla yangi binosi yonida joylashgan qishloq vrachlik punktining eski, foydalanilmayotgan binosi qayta rekonstruksiya qilinib, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 43-sonli oilaviy poliklinikasining “Mayintepa” filiali foydalanishga topshirildi.
Filial bir kunda 50 qatnovga moslashgan bo‘lib, 5 turdagi tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Qariyb 10 yilga yaqin faoliyati to‘xtatilgan mazkur muassasa bugundan aholi ixtiyoriga topshirilib, zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.