Qo‘shrabotda matematika faniga ixtisoslashgan maktab ochiladi

Bugun dunyo iqtisodiy siyosatida yetakchi o‘rinlarga chiqib olgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyot, biologiya, raqamli iqtisodiyot va boshqa ko‘plab sohalar rivoji matematik yondashuvlar, uning ushbu sohalarga samarali tadbiqi natijasida ro‘y bermoqda.

Prezidentimiz tomonidan yaqinda “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bunda matematika sohasida yechimini topmagan qator masalalar, ta’lim sifati va ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Qarorda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida matematika fanlarini o‘qitish sifatini oshirish, hududlarda matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktablarni bosqichma-bosqich tashkil etish belgilandi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida sobiq Qo‘shrabot qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji bazasida 90-sonli matematika faniga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi tashkil etiladigan bo‘ldi. Avvaldan ham bu hududdan matematika sohasi bilimdonlari ko‘p chiqqan. Masalan, aniq va tabiiy fanlar sohasida 2 nafar akademik, 12 nafar professor va fan doktorlari, 40 dan ziyod fizika-matematika fanlari nomzodlari qo‘shrabotlik.

Respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan qo‘shrabotlik matematik olimlar va tumandagi mohir matematika fani o‘qituvchilari hamkorligida ixtisoslashgan maktabga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, ular mahorat darslari o‘tib, dasturchilar, amaliy matematika va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha yetuk mutaxassislar tayyorlashga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadi.

Bugungi kunda tuman maktablarida 279 nafar matematika fani o‘qituvchisi dars berib kelmoqda. Ulardan 5 nafari oliy, 36 nafari 1-toifali va 83 nafari 2-toifali o‘qituvchilardir.

X.Xudoynazarov,
SamDU professori.
A.Arziqulov, dotsent.