Qo‘shrabotda Prezident topshirig‘ini bajargan tadbirkor kasod bo‘lishi mumkin
Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashriflari chog‘ida har bir hudud sharoiti va imkoniyatidan kelib chiqib, o‘sha yerga mos keladigan iqtisodiy loyihalarni joylashtirish, buning uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilish lozimligini ta’kidlagandi. Xususan, Qo‘shrabot tumaniga xorijdan naslli qo‘y va echkilar keltirish, zotini ko‘paytirish, hududda naslchilik ishlarini rivojlantirish borasida topshiriq berilgandi. Mazkur topshiriqlar asosida tumanga naslli qo‘y va echkilar keltirilib, iqlimga moslashtirilmoqda.
- Xalq banki va “Agrobank”ning tuman filialidan chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga 1 milliard 200 million so‘mdan ortiq 3 yillik davrga mo‘ljallangan 7 foizlik stavkada kredit mablag‘lari ajratildi, - deydi tuman hokimligi iqtisodiyot va sanoat bo‘limi boshlig‘i Zafar Jumanov. – Bu mablag‘ga “Qashqadaryo viloyati naslchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan fermer xo‘jaliklariga Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyatidan ming boshdan ortiq naslli echkilar keltirilib, iqlimga moslashtirildi. Shuningdek, tumandagi ta’minotchi korxonalar tomonidan qo‘shni Qozog‘istondan 3 ming bosh “Hisori” zotli naslli qo‘ylar keltirilib, “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida aholiga tarqatilmoqda. Zotdor hayvonlarni iqlimga moslashtirish, ulardan sifatli nasl olish uchun keltirilgan chorva mollari uchun veterinar vrachlar biriktirildi. Keyinchalik fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlaridan olingan echki suti, terisi va junini qayta ishlash bo‘yicha loyihalar tayyorlanmoqda.
Echki suti yog‘ va oqsillar, kalsiy, magniy, temir, marganets, kaliy va boshqa moddalarga boy hisoblanadi. Shuning uchun raxit, o‘pka sili, jigar, allergiya, oshqozon xastaliklari bilan og‘riganda, qichima, ekzema, astma, yurak, qon-tomir va asab kasalliklarini davolashda samarali. Qo‘y esa go‘sht va teri yetishtirishda eng katta mahsuldorlikka ega. Asosiysi, bu chorva mollari iqlim va hududga tez moslashadi, kam ozuqa bilan ham tez rivojlanadi, naslchilik borasida boshqa chorva mollaridan samaraliroq hisoblanadi. Bundan tashqari, echki va qo‘ychilikni rivojlantirish go‘sht, sut, teri yetishtirish xo‘jaliklarga kattagina iqtisodiy foyda keltiradi. Shu maqsadda tumandagi “Eshniyoz Tursunov” fermer xo‘jaligi Qozog‘istondan 20 ming bosh “Hisori” zotli qo‘y keltirish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
- Hozirgacha 3,5 ming bosh zotdor qo‘y keltirib, 1,5 mingtasini “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida aholiga tarqatdik, - deydi “Eshniyozov Tursuntosh” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Baxtiyor Eshniyozov. – Aholidan 10 ming bosh zotdor qo‘y uchun buyurtmalar bor. Ammo naslli qo‘y va echki keltirish uchun Xalq banki va “Agrobank”ning tuman filiallaridan 7,5 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da hamon resurs yetishmasligi tufayli bankning kafolat xati bilan aholiga tarqatgan chorva mollarimiz uchun ham mablag‘ ololganimiz yo‘q. Natijada, sarflagan mablag‘imizni ham ololmayapmiz, kelishilgan mayda shoxli chorva mollarining qolgan qismini ham keltirolmayapmiz. Shuning uchun aholidan tushgan mablag‘ va o‘z aylanma mablag‘imiz hisobidan qolgan mayda shoxli chorva mollarini keltirmoqchimiz.
Bundan tashqari, Jo‘sh mahallasida 3 ming bosh qoramol va 2 ming bosh mayda shoxli chorva moli uchun bo‘rdoqichilik fermasi tashkil etyapmiz. Bu yerda naslli chorva mollari ko‘paytirilib, boshqa hududlarga tarqatiladi.
Bu loyihalarning amalga oshishi nafaqat tuman, balki viloyat miqyosida sifatli go‘sht va teri xomashyosi ishlab chiqaruvchi yirik majmua yaratilishiga zamin yaratadi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.