Qo‘shrabotda shifokorni urgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Kecha saytimizda “Qo‘shrabotda shifokor sababsiz kaltaklandi: Sog‘liqni saqlash vazirligi holatni o‘rgandi” sarlavhali material berilgan edi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, 2019 yil 7 avgust kuni soat 17:30da Qo‘shrabot shaharchasi Buloqboshi mahallasi hududida joylashgan tuman tibbiyot birlashmasida xizmat vazifasini olib borayotgan shifokor O.S. tibbiyot birlashmasiga M.S.ni bemor sifatida olib kelgan fuqarolar M.K. va B.Sh. tomonidan hech bir sababsiz uyatli so‘zlar bilan haqorat qilinib, urib tan jarohati yetkazilgan.

Tuman tibbiyot birlashmasining 2019 yil 7 avgustdagi tibbiy ma’lumotnomasiga ko‘ra, O.S. ning tanasida “o‘ng ko‘z pastki qovoq eti, bo‘yin sohasi yumshoq to‘qimalari ezilishi, o‘ng yonoq teri osti shikastlanishi, bo‘yin, yuz chap atrofi sidirilgan qontalash jarohat, bosh miya chayqalishi” kabi jarohatlar aniqlangan bo‘lib,  davolanish uchun yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘shrabot tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 2019 yil 14 avgustda M.K. va B.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 140-moddasi 3-qismi “a” bandi va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.