Qo‘shrabotdagi lavanda plantatsiyasi dunyoda tengsiz bo‘ladi

Shu yilning yanvar oyida “ALIHAN ORGANIC AGRO LLC” xorijiy korxonasi Qo‘shrabot tumani Jo‘sh qishlog‘i hududidagi sug‘orilmaydigan, lalmi maydondan 1,5 ming gektar yer olib lavanda plantatsiyasi bo‘yicha faoliyat boshladi.

Dastlab 110 gektar maydonga 1 million tupdan ziyod lavanda ko‘chatlari ekildi.

Parfyumeriya sanoati uchun qimmatli bo‘lgan lavanda yog‘ini Fransiya, Turkiya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarish uchun plantatsiyalar tashkil etilgan bo‘lsa-da, ularning eng kattasi 300 gektargacha maydonni egallashi mumkin.

- Shu soha mutaxassislari bilan kelib bu yerning iqlim sharoiti, tuproq tarkibini o‘rganganimizdan so‘ng, imkoniyat borligi uchun Qo‘shrabotda shu ishni boshladik va bu orqali Ginnes rekordlar kitobiga ham kirmoqchimiz, - deydi korxona ish yurituvchisi Davronbek Hakimov. - Chunki parfyumeriya sanoati uchun qimmatli bo‘lgan lavanda yog‘ini Fransiya, Turkiya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarish uchun plantatsiyalar tashkil etilgan bo‘lsa-da, ularning eng kattasi 300 gektargacha maydonni egallashi mumkin. Bu yerda esa yaxlit 500 gektar maydonda lavanda yetishtirmoqchimiz. Yaqinda Fransiyadan mutaxassislar kelib, biz mo‘ljallagan yerning holati, tuproq tarkibi va muhimi, hech qanday kimyoviy o‘g‘it ishlatilmaganini o‘rganib, “organik” degan xalqaro sertifikat ham berishdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, lavanda o‘simligi suvsizlikka chidamli bo‘lib, sug‘orishni talab qilmaydi. Yil davomidagi yog‘ingarchilik ushbu o‘simlikni yetishtirish va sifatli mahsulot olish uchun kifoya ekan. Muhimi, bir marta ekilgan lavandadan ellik yil davomida hosil olish mumkin.

Bu yil o‘simlik qator oralarini begona o‘tlardan tozalab turish uchun maxsus texnikalar keltirilgan. Uch yildan keyin qator oralarida boshqa ekin ham ekib olish mumkin. Lekin bunga zarurat bo‘lmaydi. Sababi lavandadan olinadigan yog‘ning bir litri dunyo bozorida 20 dollardan 100 dollargacha baholanadi. Bundan tashqari, guli va bargidan choy ham tayyorlash mumkin. Hosil maxsus kombaynda terib olinadi. Uni shu yerda qayta ishlash uchun sexlar ham tashkil etish ko‘zda tutilgan. Kelgusida asalarichilikni ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ayni paytda xorijiy korxona vakillari o‘zlari uchun ajratilgan maydonda chetdan keltirilgan, suvsizlikka chidamli oshqovoq urug‘ini ekmoqda. Bundan tashqari, joriy yil kuzda 150 gektar maydonda bodomzor tashkil etish uchun ko‘chatlar keltirilib, parvarishlanmoqda. Ushbu bodom nihollari bugungi kunda Yevropa va Amerika davlatlarida xaridorgir bo‘lgan bodom navidan tayyorlangan.

Aytish mumkinki, bir paytlar faqat keng yaylov sifatida foydalanilgan yoki umuman foydalanilmagan Qo‘shrabot yerlari yaqin yillarda chamandek yashnab turadigan ekin maydonlariga, bog‘larga aylanadi.

G‘olib HASANOV,

Baxtiyor MUSTANOV.