Qo‘shrabotlik fermerlar Bulung‘urdagi eng samarali ishlayotgan fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdi
Qo‘shrabotlik bir guruh ilg‘or fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Obidjon Rahmonov boshchiligida Bulung‘ur tumanidagi fermer xo‘jaliklari ish faoliyati bilan tanishdi.
Ikki tuman sohibkorlarining o‘zaro muloqotida bog‘dorchilik uzumchilik va kartoshkachilik sohasida erishilgan yutuqlar, mavjud imkoniyatlar muhokama etildi. Tumandagi “Yarashbek Sultonovich uzumzorlari” fermer xo‘jaligida toklarni parvarishlashning voish va so‘ri usullarida mayizbop kishmish navlarini yetishtirish mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.Chunki Qo‘shrabot uzumzorlarida bu usullar endigina yo‘lga qo‘yilmoqda.
Yetti gektar maydonda kartoshka ekini parvarishlanayotgan “Abubakr dalasi” fermer xo‘jaligidagi ishlar ham mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda har gektar maydondan 80 tonnadan hosil olish rejalashtirilgan. Shuningdek, tumandagi bir qator fermer xo‘jaliklarida tomchilatib sug‘orish usulida sabzavot mahsulotlari, G‘o‘bdin tog‘ etagida esa 1000 gektardan ziyod maydonda yomg‘irlatib sug‘orish usulida ozuqa ekinlari yetishtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishgan qo‘shrabotliklar sohaga oid qarashlari ancha boyiganligini e’tirof etdilar.
Tuman xokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdumutal Rizayev mehmonlarga tumanda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida ma’lumotlar berdi.
Norbobo Shakarov.