Qo‘shrabotliklar Mustaqillik bayramini ilk bor istirohat bog‘ida nishonladi
Viloyat markazidan 100 kilometr uzoqlikda, qir-adirlar bag‘rida joylashgan Qo‘shrabotda eng ulug‘, eng aziz bayramimiz har yilgidan o‘zgacha ruhda nishonlandi. Sababi, tuman ahli Vatanimiz mustaqillikka erishgandan beri birinchi marta bu ulug‘ ayyomni istirohat bog‘ida qarshi oldi.
- Mustaqillik tengdoshiman, - deydi tadbirda ishtirok etgan yoshlardan biri Johongir Jalolov. – Ammo esimni taniganimdan beri Qo‘shrabotda aholining istirohat bog‘ida sayr qilganini, bolajonlarning arg‘imchoqlarda uchganini ko‘rmaganman. Bu yilgi bayramni yangi istirohat bog‘ida, zamonaviy amfiteatrda nishonlash nasib etganidan qo‘shrabotliklarning quvonchi cheksiz. Bog‘da musiqali favvoraning foydalanishga topshirilishi ham tuman ahli uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Bayram tadbirida tuman hokimi H.Oqbo‘tayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni qutladi. Tumanda o‘tgan bir yil ichida erishilgan yutuqlar, oldinda turgan rejalar xususida so‘z yuritdi.
San’at, madaniyat va sport sohasida yutuqlarga erishib kelayotgan tuman yoshlarining, folklor jamoalari va harbiylarning chiqishlari va taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.
Dilnoza HASANOVA.