Qo‘shrabotning “Qovunchi”sidan ajab hangomalar
Odamlar tashvishlanib murojaat qilyapti, idoralar javob xati yozyapti. Ammo amaliy ishdan darak yo‘q, mas’ullar murojaatchilarni ovutish bilan shug‘ullanishyapti, xolos.
Masalan, o‘tgan yili qishloq yo‘lini ta’mirlash bo‘yicha tegishli mas’ullarga murojaat qildim. Javoblarni o‘qib, na kulishingni bilasan, na kuyishingni...
“Sizga shuni yozib ma’lum qilamizki, Qovunchi qishlog‘iga kirish avtomobil yo‘lini joriy yil yakuniga qadar asfalt qoplamasi qilish rejalashtirilganini ....”, deyilgan Qo‘shrabot tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi direktori vazifasini bajaruvchi A.Turonov imzosi bilan kelgan xatda.
Viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Q.Hasanov imzosi bilan kelgan xatda esa “Qovunchi qishlog‘iga kirish yo‘lida joriy ta’mirlash ishlari 2020 yilda ajratiladigan mablag‘lar doirasida 2020 yil yillik manzilli ro‘yxat shakllantirilishida inobatga olinishi hamda bosqichma-bosqich joriy ta’mirlash ishlari bajarilishini ma’lum qilamiz”, deyilgan.
2019 yilning bir xil sanasi bilan kelgan javob xatlarining qaysi biriga ishonish kerak? Birinchisi yolg‘on ekanligi aniq bo‘ldi. Ammo boshqarma boshlig‘i aytgan vaqt qachon kelarkan? Meni ajablantirgani ikki tashkilot bir-biri bilan hamkorlikda ishlaydimi yoki boshqa-boshqa yo‘nalishda faoliyat olib borishadimi? Savollar ko‘p, ammo tayinli javob yo‘q.
Qishloqdagi vrachlik punktini ta’mirlashni so‘rab qilgan murojaatlarimiz taqdiri esa undanda qiziq.
... Qovunchi mahallasi, Haytanbuloq qishlog‘ida yashovchi I.Arkayevga, deb boshlanadi, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Basitxonovadan 2018 yil 19 oktyabrda kelgan xat.
“Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi QOP va QVPlarda qurilish-ta’mirlash ishlari, tumanning 2018-2020 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasiga asosan 2020 yilda “Qovunchi” QVP mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan loyiha asosida yangidan qurish rejalashtirilganligi to‘g‘risida Sizga ma’lum qilingan.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot xodimlarining ish haqini oshirilishi va boshqa imtiyozlarni joriy etilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga qaror loyihasi kiritilgan”.
Hayronman, Prezident Administratsiyasida qaror loyihasi yo‘qolib qolganmikan? Yo‘qsa, o‘tgan davr mobaynida qaror loyihasi obdan pishitilib, e’lon qilinishi kerakmasmidi?
Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining javob xati sobiq sog‘liqni saqlash vazirining javob xati va keltirilgan ma’lumotlar ikki pulga qimmatligini bildiradi.
Xususan, “Qovunchi” QVPni qayta qurish bo‘yicha murojaatingizga asosan tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturi asosida Respublika byudjeti mablag‘laridan amalga oshirilishini inobatga olib, kelgusi 2021 yil davlat dasturiga kiritishi ko‘zda tutilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi tibbiyot birlashmasi boshlig‘i U.Suvonov imzolagan xatda.
Aslida QVP 1997 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan. Mutasaddilarga yozgan murojaatlarimiz guvohi bo‘lganingizdek, yosh bolani ovutishga o‘xshab, kelgusi yil dasturiga kiritilish haqidagi javoblar bilan “yopilmoqda”. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i ham hokimga aytishimni bildirdi.
Uyimni ta’mirlab berishlarini so‘ramayabman-ku, otanga bor, onangga bor, qilishsa.
Inoyat ARKAYEV,
“Qovunchi” QVP mudiri, II darajali “Sog‘lom avlod uchun”, “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi.