Qotillik uchun 38 yil qamoqda o‘tirgan britaniyalik ozod etildi: u begunoh deb topildi

Yaqinda, 13 may kuni ofitsiant qizni o‘ldirishda ayblanib, qariyb 40 yil qamoqda o‘tirgan britaniyalik Piter Sallivan ozodlikka chiqdi. Eski ish bo‘yicha yangi dalillar paydo bo‘lgandan so‘ng, hukm appelyasiya sudi tomonidan bekor qilindi.
21 yoshli Dayan Sindall 1986 yilning avgust oyida Angliya g‘arbidagi Berkhend shahrida ishdan uyga qaytayotganda zo‘rlanib o‘ldirilgan. O‘sha kuni Sallivan juda mast bo‘lgani, qo‘lida lom bilan ko‘chaga chiqqani va ko‘p o‘tmay tasodifan Dayan bilan to‘qnash kelgani sababli hibsga olingan edi.
Smenali ishini tugatib, uyga ketayotgan qizning yarim yo‘lda mashinasi buzilib qolgan va u Sallivanni uchratgunga qadar yoqilg‘i quyish shoxobchasi tomon ketayotgan edi. Bir muncha vaqt o‘tgach, u tanasi juda shikastlangan va faqat qisman kiyingan holda topilgan edi.
Sallivan har doim o‘zining aybsizligini aytib kelgan, uning advokatlari esa ikki marta hukmni bekor qilishga uringan.
Jinoyat joyidan olingan namunalar noma’lum bosqinchiga ishora qilib, ilgari aniqlanmagan DNK bo‘laklari topilganidan so‘ng, o‘tgan yili odil sudlovning mumkin bo‘lgan xatolarini tergov qiluvchi maxsus komissiya (CCRC) ishni apellyasiya tarzida ko‘rib chiqish uchun qaytargan edi.
Tergovchilar DNK Buyuk Britaniya politsiyasi ma’lumotlar bazasidagi hech qanday namunaga mos kelmasligi, ammo haqiqiy qotilni topish uchun barcha narsani qilishga va’da berib ishni qo‘zg‘atgan edi.
Apellyasiyada video aloqa orqali ishtirok etgan Sallivanga sud qarori bekor qilingani haqidagi xabarni aytishganda, u og‘zini qo‘li bilan yopib, qattiq yig‘lab yubordi.
Hozirda bu Britaniya huquqiy tarixidagi tirik mahbus ishtirokidagi eng uzoq davom etgan sud yo‘l qo‘ygan xatosi bo‘lib, Sallivan umrining 38 yilu qariyb sakkiz oyini qamoqda o‘tkazdi, bu jami 14113 kun degani.
Sallivanning advokati o‘qib bergan bayonotda u sudyalardan “g‘azablanmaganligi yoki xafa emas”ligini ta’kidlaydi.
- Menga juda adolatsiz munosabatda bo‘lishdi, - deyiladi bayonotda. - “Haqiqat erkinlik beradi”, - ishontiradi nohaq jazolangan fuqaro.
Piter Sallivan sud yig‘ilishidan so‘ng deyarli darhol qo‘yib yuborilgani xabar qilinadi.