Qo‘ylarni so‘yishni viloyat hokimi buyurganmidi? Holat viloyat prokuraturasi nazoratiga olindi
Joriy yilning 2 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Qashqadaryo hokimi dalani payhon qilgan qo‘ylarni so‘yishni buyurdi” sarlavha ostida videolavha tarqaldi.
Mazkur videolavhada viloyat hokimi topshirig‘iga ko‘ra, viloyat qishloq xo‘jaligi inspeksiyasi boshlig‘i Akrom Aripov, Nishon tumani IIB boshlig‘i Dilshod Umarov, Ibn Sino hududidagi “Otamurod ota” fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Bobonazarov hamda dalani payhon qilgan 21 bosh qo‘y egasi Abdurashid Azamatov ishtirokida g‘alla maydoni payhon qilingani uchun fermer xo‘jaligi rahbari va payhon qilgan qo‘y egasiga tegishli 1 tadan (jami 2 bosh) qo‘yni so‘yib, kam ta’minlangan oilalarga tarqatilishi holati aks ettirilgan.
"Mazkur holat Nishon tumani prokuraturasining “Shakl-1” kitobiga ro‘yxatga olinib, tegishli tartibda xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tarqatilgan vediolavhaning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda.
O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan", deyiladi viloyat prokuraturasi bayonotida.