Qozog‘iston parlamenti Nazarboyevni Xavfsizlik kengashi umrbod raisligidan mahrum qildi

Qozog‘iston parlamenti Senati (yuqori palatasi) deputatlari yalpi majlisda respublikaning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning Qozog‘iston Xalq Assambleyasi (QXA) va Xavfsizlik Kengashiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunchilikka o‘zgartirishlarni ma’qullagani haqida palata veb-saytida ma’lumot berildi.

Avvalroq Parlament Majlisi (quyi palatasi) yalpi majlisda ushbu tuzatishlarni ma’qullagani haqida 19 yanvar kuni deputat Qanat Nurov ma’lum qilgan edi. Qonun loyihalari matnlari Senat saytida e’lon qilindi.

Palataning Konstitutsiyaviy qonunchilik, sud-huquq va huquqni muhofaza qilish organlari qo‘mitasining xulosasiga ko‘ra, o‘zgartirishlar QXA raisi va Xavfsizlik kengashi raisining vakolatlarini mamlakat prezidentiga o‘tkazishga qaratilgan. Shunday qilib, Assambleya to‘g‘risidagi qonun Qozog‘istonning birinchi prezidenti – elboshining assambleyaga umrbod rahbarlik qilish huquqini, Xavfsizlik Kengashi to‘g‘risidagi qonun esa Xavfsizlik Kengashiga umrbod rahbarlik qilish huquqini istisno qiladi.

Bundan tashqari, parlamentda Nazarboyevning respublika Konstitutsiyaviy kengashi a’zosi bo‘lish, shuningdek, hukumat va parlamentda chiqish qilish huquqini saqlab qolgan konstitutsiyaviy qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi muhokama qilinmoqda.

Qozog‘istonni qariyb 30 yil boshqargan Nazarboyev 2019 yilning 20 martida prezidentlikdan ketgan bo‘lsada, Xavfsizlik kengashi rahbari, hukumatdagi “Nur Otan” partiyasi yetakchisi va Qozog‘iston xalq assambleyasi rahbari lavozimlarini saqlab qolgan edi. 2021 yil aprelida Nazarboyev QXA raisi lavozimini tark etish va bu vakolatlarni respublikaning amaldagi rahbariga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi. Nazarboyev 5 yanvar kuni, mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar paytida Xavfsizlik kengashi raisi vakolatlarini Qosim-Jomart Tokayevga topshirdi.

18 yanvar kuni tartibsizliklar boshlanganidan keyin qozog‘istonliklarga videomurojaat orqali murojaat qilgan 81 yoshli Nazarboyev Tokayev Qozog‘istonda to‘liq hukumatga ega ekanni, o‘zi esa nafaqaga chiqqanini bildirdi. Shu bilan birga, sobiq prezident “elitadagi mojaro yoki qarama-qarshilik” haqidagi mish-mishlarni rad etdi.