Qozog‘istonda COVID-19 ning “Nigeriya” shtammi aniqlandi

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soyning aytishicha, Qozog‘istonda koronavirusning Eta-(“Nigeriya”) shtammi mamlakatning to‘rtta hududida aniqlangan.

Unga ko‘ra, vazirlik mamlakatda koronavirusning turli shtammlari tarqalishini aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yilning iyul-avgust oylarida COVID-19 bilan kasallangan bemorlardan olingan laboratoriya namunalarining ijobiy ketma-ketligini tuzish orqali koronavirus infeksiyasining genetik tadqiqotini o‘tkazdi.

“Qozog‘iston Respublikasida 96 ta namunadagi ketma-ketlik natijalariga ko‘ra, Delta (hind shtammi) - 57 (59,4%), Britaniya-Alpha - 24 (25%), “Uxan”- 10 (10,4%) va Eta-“Nigeriya” - 5 (5,2%) shtammlarining sirkulyasiyasi qayd etildi, - deb yozdi Soy Facebookda.

“Eta shtammining paydo bo‘lishi 2020 yil dekabr oyida ma’lum bo‘ldi. Kasallikning birinchi holati Nigeriya va Buyuk Britaniyada aniqlangan edi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil 15 sentyabr holatiga ko‘ra, Eta shtammi dunyoning 77 mamlakatida mavjud. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ajratgan toifalariga binoan, u “kuzatishni” talab qiladigan shtammlardan” - dedi vazir.

U, shuningdek, yangi shtammning klinik belgilari Alpha (“britancha”) va Beta (“janubiy Afrikalik”) shtammlari bilan bir xil - yuqori isitma, yo‘tal, hid va ta’mni yo‘qotish, jiddiyroq kasallik alomatlari bo‘lishi haqida ma’lum qildi.