Qozog‘istonlik mehmonlarni Samarqand jurnalistikasi tarixi qiziqtirib qo‘ydi

Qozog‘iston Respublikasining akademik Ye.A.Buketov nomidagi Karaganda universiteti jurnalistika kafedrasi professor-o‘qituvchilari Samarqand viloyat matbuot uyiga keldi.
Mehmonlar matbuot uyida ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijodkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, viloyat jurnalistikasi tarixi bilan qiziqdi. Ularga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririryati bosh muharriri Farmon Toshev ma’lumot berdi. Ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomiz tomonidan ijod maktabi yaratilgani va bu maktab bugungi kunda ham ko‘plab yosh ijodkorlarni kashf etayotganini ta’kidladi. F.Toshev 112 yildan buyon chop etilib kelinayotgan gazetalar haqida ham ma’lumot berar ekan, hatto gazeta tarixida yozilishicha, 1920-1940 yillarda qozog‘istonlik ijodkorlar ham faoliyat ko‘rsatganini, qardosh hamkasblar bilan ijodiy hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilganini aytdi.
Mehmonlar binodagi viloyat matbuot tarixi muzeyida ham bo‘lishdi. Bu yerdagi jurnalistika sohasiga oid qimmatli ma’lumotlar bilan tanishdi, eksponatlarni ko‘zdan kechirdi.
Uchrashuv yakunida kelgusida ijodiy hamkorlikni yanada jonlantirish bo‘yicha kelishib olindi.
Ularga jurnalistikaga oid “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” turkumi ostida chop etilgan kitoblar sovg‘a qilindi.
Husan Eltoyev.