Qozondan “uchib ketgan” parranda, familiyasi ikkita bolalar. Jomboydagi bunday holat “Adolat” SDP faollari e’tiboriga tushdi

Illyustrativ foto

Aslida bu masala doimiy e’tiborni, o‘z navbatida jamoatchilik nazoratini talab qiladi. Negaki, ta’limni rivojlantirish, tizimda sifat va samaradorlikni oshirish masalasiga davlatimiz rahbari tomonidan ham alohida g‘amxo‘rlik qilinmoqda.

Afsuski, bu barcha joyda birdek kutilgan natijani bermayapti. Ushbu fikrga Jomboy tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalaridagi holat yaqqol misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Jomboy tumani Kengashidagi deputatlik guruhi tashabbusi bilan o‘rganishlarda shunday fikrga kelindi. Jumladan, 1- va 7-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida umumiy kamchiliklar mavjud. Bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Ammo 19-DMTTdagi holat kishini tashvishga soladi: o‘yin maydonchalari nosoz, hudud obodonlashtirilmagan. Tashkilot hovlisiga hatto bir tup gul ham ekilmagan.

Boshqacha aytganda, bolada estetik did, tabiatga mehr, ezgulikka muhabbat uyg‘otish haqida o‘ylab ham ko‘rilmagan. Aslida yuqoridagi kamchilikni to‘g‘rilab, ertak qahramonlari, turli jonivorlar yoki o‘simlik maketlarini o‘rnatish, devorlarga suratlar tushirish orqali ham ushbu maqsadga erishish mumkin.

Tarbiyachilar saviyasi tarbiya sifatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Shu ma’noda tanlov asosida kichik guruh o‘rganildi. Guruh ro‘yxatida 31 nafar tarbiyalanuvchi qayd etilganu, amalda 35 nafar bola tarbiyalanmoqda. Bundan tashqari, ish vaqti bo‘lishiga qaramay 3 nafar xodimni topishning imkoni bo‘lmadi.

Tibbiy xizmat faoliyatini ham qoniqarli baholab bo‘lmaydi. Qoidaga ko‘ra, tarbiya maskanlarida 20 turdagi dori-darmonlar bo‘lishi talab etiladi. Biroq zarur dori-darmonlar oxirgi marta 2020 yilda keltirilgan.

Achinarlisi, nafaqat 19-, balki boshqa tarbiya maskanlarida ham bu borada vaziyat bir xil.

Oziq-ovqat mahsulotlari va ratsionga amal qilinishi tahlil qilinganda norasidalar haqiga “qo‘l uzatilishi” hamon davom etayotganiga guvoh bo‘ldik. "Menyu"dagi ovqatga solingan “9 kilogramm mol go‘shti” yozuvini bo‘yab, “18 kilogramm tovuq go‘shti”ga aylantirilganini qanday izohlash kerak? Tekshirilganda esa qozonga 8 kilogramm parranda go‘shti solingani oydinlashdi. Savol tug‘iladi, 10 kilogramm parranda go‘shti qayoqqa “uchib ketgan”?

O‘rganilgan kuni muassasaga 40 litr sut qabul qilingan. Hujjatlarda esa 54 litr ko‘rsatilgan...

Faoliyati o‘rganilgan 3-, 12-, 14-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi vaziyat yanada og‘ir. Misol uchun, 14-bog‘chada naqd 12 nafar bola hujjatsiz tarbiyaga jalb etilgan.

12-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi manzara g‘aroyiblikda “betakror” bo‘ldi:

– Marjona!

Chaqiriqqa uch yoshli qizaloq ikkilanib, sekingina “men”, dedi. Shu payt yonidagi boshqa bola “Bu Marjonamas, Marjona kelmagan” dedi. Asli ismi Tohir bo‘lgan bolakayning Hasan bo‘lib turishi hayratimizni yanada oshirdi. Shu zayl 7 nafar bolaning ismi tarbiyachilar tomonidan “vaqtincha” o‘zgartirib turilgani ma’lum bo‘ldi.

Tarbiyachi “bu bolalarning ismi ikkitadan, shunga adashishdi” deb vaziyatni xaspo‘shlashga urindi. Ammo bolakaylar o‘rtog‘ining nafaqat ismi, balki familiyasini ham bilarkan. Balki familiyasi ham ikkitadir?..

Albatta, o‘rganish natijalari xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida muhokama etildi. Sessiyada aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiriga qat’iy ogohlantirish berildi, 12-, 19-, 6-, 25-, 24-, 3-DMTT direktorlariga navbatdagi intizomiy chora ko‘rish taklifi kiritildi. 7-, 30-, 16-DMTTlari mutasaddilari esa faoliyatini yaxshi yo‘lga qo‘ygani uchun rag‘batlantirilishi belgilandi.

Komila Umarova,

xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashi deputati.