Quljamon, Beshkal xunuk nom emas - o‘zbek urug‘larining nomi. Qo‘tirbuloq esa «Shifobaxsh buloq bor joy» degani
Yurtimiz tarixi, o‘tmishini o‘rganishda ko‘pchilik uchun ma’lum bo‘lgan ikki muhim manba – osori-atiqalar va yozma manbalardan tashqari yana bir manba borki, bu joy nomlaridir.
Toponimlar nihoyatda boy va turli tumandir. U o‘z ichiga qishloq va shaharlar, mahallayu ko‘chalar, guzaru bekatlarning nomlarigacha qamrab oladi. Ular orasida ko‘pchilik uchun ma’nosi noaniq tarixiy joy nomlaridan tortib, yaqin zamonlarda o‘tgan tarixiy shaxslar nomigacha ham uchraydi. Shu bois joy nomlarini o‘tmish muhri, desak bo‘ladi. Bu xalq boyligi bo‘lib, o‘zida uning o‘tmishi va bugunini namoyon qiladi.
Viloyat toponimik komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq joy nomlarini nomlash maqsadida Geografik ob’yektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan taklif etilayotgan nomlarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo mahalliy va tarixiy nomlardan voz kechib, tuman va shaharlarda yoppasiga bir xil nomlar bilan atash urf bo‘layotganligi afsuslanarlidir. Joriy yilda viloyatimizda bir nechta tumanlarda aholi punktlari nomi o‘zgartirildi. Ammo yangi qo‘yilgan nomlar asosan mavhum otlardan iborat, biror bir tarixiylik yoki shu yerda yashovchi aholining kelib chiqishiga aloqasi yo‘q. Bunday nomlar jumlasiga “Guliston”, “Navbahor”, “Nurafshon”, “Sayilgoh”, “ ... obod”, “Gulzor”, “Orzu”, “Mehnatkash”, “Istiqlol”, “Nafosat”, “Tashabbus”, “Sahovat”, ”Ezgulik”, “Vatanparvar”, “Bo‘ston”, “Iftixor”, “Navnihol”, “Madadkor” kabilarni keltirish mumkin. Bu yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday hamma yoqni bosib ketishi unchalik yaxshi emas. Joy nomlari milliy tilning tarkibiy qismi bo‘lganligi bois, biror nomni o‘zgartirish puxta o‘ylangan ilmiy yondashuv asosida amalga oshirilgani ma’qul. Qolaversa, bu jarangdor nomlarning aksariyati o‘zlashma bo‘lib, arab va fors tillariga tegishli.
Hozirda asosan ikki holatda - mustamlaka davridan qolgan joy nomlari yoki quloqqa “xunuk” eshitiluvchi nomlar o‘zgartirilyapti. Birinchi holat tushunarli. Sho‘rolar mafkurasini targ‘ib qiluvchi nomlar almashtirilgani yaxshi. Ammo ikkinchi holatda o‘zbek tilidan bexabarlik, tarixga bepisandlik bilan qarash kayfiyati “hech qanday ma’noga ega emas” va “ma’naviy qiyofamizga mos kelmaydi”, deya talqin qilish holatlari uchrab turmoqda. Shu ma’noda ba’zi bir tuman toponimik komissiyalaridan Qo‘tirbuloq, Quljomon, Beshkal singari nomlarni o‘zgartirish takliflari ham tushmoqda. Aslida ular “xunuk” nomlar emas, bizga tarixni eslatib turuvchi atamalardir. Masalan, Quljamon, Beshkal o‘zbek urug‘larining nomi. Qadimda mazkur hududda o‘sha urug‘ vakillari yashagan. Qo‘tirbuloq esa joy nomi sifatida viloyatimizning Toyloq, Oqdaryo, Bulung‘ur, Nurobod singari tumanlarida uchraydi. Bu shifobaxsh buloq bor joy degan ma’noda qo‘llanadi. Qadimda odamlar mazkur buloqlarga shifo istagida kelishib, turli yara, qo‘tir, qichima, ko‘k yo‘tal singari kasalliklarga suv bilan davo topgan. Bundan bir necha yil avval viloyat toponimik komissiyasida xuddi shunday bir anglashilmovchilikning oldi olingan edi. Samarqand tumanidagi bir qishloqning nomi Garmokov deb yozilgan bo‘lib, komissiya bu ruscha familiya, deb uni o‘zgartirmoqchi bo‘lgandi. Mahalla faollaridan biri bu ruscha Garmokov emas, fors-tojikcha Garmako, ya’ni issiqlik bilan davolovchi tabiblar bo‘lganligini aytib berib, nom o‘zgarishsiz qolgandi.
Qonunning yana bir muhim jihati, geografik ob’yektlarning nomlarini belgilash tartibidir. Geografik ob’yektlarning nomlari hududni kartografiya qilish, toponimik tadqiqotlar o‘tkazish vaqtida, nomlar berish, o‘zgartirish takliflari tayyorlanayotganda tegishli davlat hokimiyati, boshqaruv organlari, mahalliy aholi, o‘lkashunoslar, geograflar, tarixchilar va boshqa mutaxassislar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish asosida belgilanishi lozim bo‘ladi. Shu bois toponim komissiyasi taklifni tayyorlashda o‘sha joydagi qariyalar, ziyolilar, xususan, maktab o‘zbek tili va adabiyoti, geograf va tarixchi o‘qituvchilari bilan maslahatlashishi lozim.
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri tumanlarga ajratilishi ko‘zda tutilayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqalmoqda. Beshta tumandan bittasi Maroqand deb nomlanishini taklif etilyapti. Nazarimizda, Maroqand Samarqandning yunoncha talaffuzi bo‘lib, bu Samarqandning takror nomidir. Bu masalani jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Ehtimol, Amir Temur yoki Yalangto‘sh Bahodir nomini qo‘yish ma’quldir.
“Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunda talablariga ko‘ra “ko‘chalar, shohko‘chalar, mahallalar, maydonlar, bog‘larga va aholi punktlarinig boshqa tarkibiy qismlariga ayrim odamlar, jamoat arboblari, siyosiy arboblar ismi sharifini berishga qoida tariqasida yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar bundan mutasno” deb belgilangan. Shunday bo‘lsa-da, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan o‘zgartirilgan ko‘chalar nomini mahalliy hokimiyat qarori bilan o‘zgartirish holatlari uchramoqda. Masalan, Samarqand shahrining ukrain shoiri T.Shevchenko nomli ko‘chasi respublika toponimik komissiyasi qarori bilan “Tong yulduzi” deb nomlanishi matbuotda e’lon qilingan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan ko‘cha nomi M.Sobirov nomi bilan ataladigan bo‘ldi. Yoki general S.Rahimov ko‘chasi U.Usmonov nomi bilan o‘zgartirildi. Bunday ko‘cha nomlarini nafaqat shaharda, balki tuman markazlarida ham uchratish mumkin. Ko‘chalar nomini vatanimiz tarixida iz qoldirmagan shaxslar nomi bilan atash qonunga zid ekanligini mahalliy hokimiyat vakillari o‘ylab ko‘rsa, yaxshi bo‘lardi. Shuningdek, shaharda nomsiz ko‘chalar ham bor. Shaharning Universitet xiyobonini Sadriddin Ayniy ko‘chasi bilan tutashtiruvchi yangi ko‘cha foydalanishga topshirilganiga ham 4-5 yil bo‘lib qoldi. Ammo hozirgacha unga nom berilmagan.
O‘zbekistonga ko‘p yillar rahbarlik qilgan davlat arbobi Sharof Rashidov nomi u ta’lim olgan Samarqand davlat universitetiga berilganligi quvonchli voqea bo‘ldi. Yaqinda universitet hududiga tutash, bir vaqtlar uning nomi bilan atalgan ko‘chada haykali qad ko‘tarilishi mo‘ljallanyapti. Shu bois aynan shu ko‘cha (hozirda Abdurahmon Jomiy) Sharof Rashidov nomi bilan qayta nomlansa, ayni muddao bo‘lardi. Chunki hozir shahrimizda Sharof Rashidov nomli ko‘cha yo‘q.
“Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilab qo‘yilganidek, joy nomlarini tarixiylik va milliylikni hisobga olgan holda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan yangi o‘zbek lotin alifbosi imlosi qoidalariga muvofiq rasmiylashtirish hamda yozilishini ta’minlash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Murodqosim Abdiyev,
viloyat toponimik komissiyasi a’zosi, Davlat tilida ish yuritish va malaka oshirish markazining viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari, professor.