O‘rta asrlar sharoitida, olis bir qishloqda yashayotgan ayol hayotidan lavha

Umrida bir bor ham qishlog‘idan tashqariga chiqmagan, kiyim do‘kon, teatr, kinoga tushmagan, go‘zallik salonlariga hech qachon bormagan ayolning orzulari, hayot xaqiqatlarini tinglaganmisiz?

Bugun ham O‘zbekistonda uyida bironta XXI asrning taraqqiyot unsurlari topilmaydigan xonadonlar borligini bilasizmi? Og‘ir, qiyin sharoitda yashasa-da hech qachon turmushidan nolimagan, o‘tayotgan kunlariga shukrona aytadigan zamondoshlar borligidan xabardormisiz? 

Rost24.uz axborot sayti Samarqandning chekka bir Nakurt qishlog‘ida hayotdan nolimay yashab kelayotgan ayolni suhbatga tutdi.

Nakurtlik 5 nafar farzandning onasi Lobar Marqayeva “Ilich lampasi” yonadigan uyida kitob o‘qishni yoqtiradi. Umrida kiyim do‘koniga bormagan bu ayolga oq ko‘ylak kiyish armon bo‘lib qolgan. U bir vaqtlar hatto aktrisa bo‘lishni ham orzu qilgan. Bugun esa chekka qishloqdagi paxsali, loy suvoqli uyida shoira Marhabo Karimova she’rlarini o‘qib ovunadi.

Lobar Marqayevaning oilasi pandemiya vaqtida nonsiz qolgan kunlari ham bo‘ldi. Hatto oddiygina gugurt donasini topolmay, oylab cho‘g‘ axtargan kunlarni ham ko‘rdi. Bu mo‘’tabar ayolning hikoyasi atrofimizdagi odamlarnikidan tamoman o‘zgacha shu vaqtgacha aytilmagan, tinglanmagan ayol xaqiqatlaridir.