Endi qishloq ko‘chalari ham nomlanadi

Yaqinda Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiyasi Nurobod, Narpay va Urgut tumanlaridagi ayrim geografik ob’yektlarga yangidan nom berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga taklif kiritdi.

Ushbu taklifni o‘rganish maqsadida geografik ob’yektlarga nom berish va ularni qayta nomlash to‘g‘risidagi takliflarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish ekspert komissiyasi yig‘ilish o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, Nurobod, Narpay, Urgut tumanlaridagi yangi tashkil etilgan uch mahalla va 564 ko‘cha nomlaridan 530 ta nomni qonun hujjatlari talablariga muvofiq, deb topdi. Shundan 124 nom geografik ob’yektlar nomlarining o‘zbek tilida yozilishi qoidalari asosida o‘zgartirildi. 32 ta nom ma’no jihatidan berilayotgan ob’yektga nomuvofiq, deb topildi. 5 ta nom esa geografik ob’yektlarning nomlari davlat reyestri bazasida mavjudligi aniqlandi.

Shuningdek, Yuqori Sho‘rcha, Oltinsoy, Po‘latchi, Nurbuloq, Navbahor, Yangihayot, Bunyodkor, Sahoba, Saroy, Uzunsoy aholi punktlari nomlari davlat reyestri bazasida mavjud emas deb topildi. Girdiqo‘rg‘on aholi punkti esa viloyat hokimining 2014 yildagi qaroriga asosan davlat reyestri bazasida Jom nomi bilan ro‘yxatga olingani aniqlandi.