Qurbonlik uchun so‘yishga besh yoshga to‘lgan tuya, ikki yoshga to‘lgan qoramol, olti oylikdan oshgan qo‘y, bir yoshli echki yaraydi

Bandani Alloh taologa yaqinlashtiruvchi moliyaviy ibodatlardan biri qurbonlik bo‘lib, u har yili bir vaqtda, ya’ni hijriy hisob bilan Zulhijja oyining o‘ninchi kuni – Qurbon hayiti kunlari qilinadi. Qurbonlikning mohiyati Allohga bandalik qilgan holda, uning ne’matlari uchun shukrona etmoq va fidokorlik qilmoqdir.

Qurbonlikning tarixi Hazrat Ibrohim alayhissalom va u zotning o‘g‘li Ismoil alayhissalomga borib taqaladi. Hazrati Ibrohim bir kuni tushida o‘g‘li Ismoilni qurbonlik qilayotganini ko‘radi - bu ilohiy vahiy edi. Hazrati Ibrohim ahvolni, ya’ni ko‘rgan tushini o‘g‘liga aytadi. O‘g‘li Ismoil ham ahvolni to‘g‘ri tushunib, bunga tayyor, rozi ekanligini bildiradi. Hazrati Ibrohim o‘g‘li Ismoilni qurbonlik qilishga tayyorlanayotganda Alloh taolo ularning bu samimiyati va itoati sababli Ismoilning o‘rniga jannatdan bir qo‘yni evaz qilib berdi.

Qurbonlik lug‘atda “yaqinlashmoq”, “qurbat hosil qilish” ma’nosini anglatsa, istilohda esa Qurbon hayiti kunlarida Allohga ma’naviy qurbat – yaqinlik hosil qilish maqsadida turi, yoshi va boshqa vasflari dinimiz belgilagan hayvon (jonliq)ni so‘yish va muhtojlarga tarqatishdir.

Islom dinida qurbonlik hijratning ikkinchi (milodiy 624) yili Madinada mashru’ qilingan. Qurbonlik qilish boy – qarzi va yashayotgan uyi va zaruriy ehtiyojidan tashqari zakot nisobiga yetarli mablag‘ (20 misqol (80.18 gramm) oltin yoki shu qiymatdagi pul yoki mol)ga ega va muqim bo‘lgan (o‘z elida doimiy yashayotgan) har bir musulmon erkak va ayolga vojib amal hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday marhamat qilganlar: “Mixnaf ibn Sulaym roziyallohu anhu “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Arafotda turgan edik. Men U zotning: Ey odamlar, har bir uy ahliga har yili qurbonlik lozimdir”, deganlarini eshitdim”, dedi (Imom Termiziy rivoyati).

Qurbonlikning fazilati haqida bir qancha hadislarni keltirish mumkin. Jumladan, bir hadisda qurbonlikning qoni yerga tushib ulgurmasdan qurbonlik qilayotgan kishining gunohlari mag‘firat qilinishi hamda qurbonlik qilinayotgan hayvonning junlari miqdoricha savoblanishi bashorat qilingan.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamFotima roziyallohu anhoga: “Turing va borib qurbonligingizga guvoh bo‘ling. Uning qonining birinchi tomchisi tomishi bilan sizning o‘tgan gunohlaringiz mag‘firat qilinur”, dedilar. Shunda Fotima roziyallohu anho: “Ey Allohning Rasuli, bu (qurbonlikning qonining birinchi tomchisi tomishi bilan gunohlarning mag‘firat qilinishi) biz – ahli baytga xosmi yoki biz va musulmonlarga umumiymi?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘q. Barcha musulmonlarga umumiydir”, dedilar.

Shu bois ulug‘larimiz qurbonlik qilishning savobi ulug‘ va fazilati yuksakligidan vojib bo‘lmasa ham, kishi bir qo‘yni so‘yishga qodir bo‘lsa, qurbonlik qilsa yaxshi bo‘ladi, deb aytishgan.

Qurbonlik uchun so‘yishga besh yoshga to‘lgan tuya, ikki yoshga to‘lgan qoramol, olti oylikdan oshgan qo‘y va bir yoshli echki yaraydi. Xo‘roz, tovuq, kurka va g‘oz kabi uy parrandalari hamda go‘shti yeyiladigan yovvoyi hayvonlar qurbonlik uchun so‘yishga yaramaydi.

Qo‘y va echkini bir kishi, tuya va qoramolni esa bir kishidan yetti kishigacha birlashib, barchasi qurbonlik niyati bilan so‘ysa bo‘ladi. Qurbonlik qilingan hayvon go‘shti, yog‘i, terisi va boshqa narsalari sotilmaydi. Lekin kishi ularni ixtiyoriy ravishda birovlarga berishi yoki oilasi uchun ishlatishi mumkin. Agar teri sotilsa, qiymati sadaqa qilinadi.

Qurbonlik uchun tanlangan jonliq o‘ta ozg‘in, so‘yish joyigacha yurib bora olmaydigan holdagi cho‘loq, ko‘zi ko‘r, qulog‘i, shoxi yoki dumining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i kesib tashlangan bo‘lsa qurbonlikka yaramaydi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “To‘rt narsa qurbonlikka joiz emas – g‘ilayligi, bemorligi, cho‘loqligi ochiq-oydin bo‘lgan va miyasi aylanib qolgan hayvon” deb marhamat qilganlar.

Qurbon hayiti kuni hayit namozining o‘qib bo‘linishi qurbonlik so‘yish vaqtining boshlanishidir. Bunga quyidagi oyat va hadislar dalil bo‘ladi:

Alloh taolo “Kavsar” surasining 1,2-oyatlarida shunday marhamat qiladi: “Albatta, Biz Senga Kavsarni berdik. Bas, Rabbing uchun namoz o‘qi va qurbonlik so‘y”.

Oyatda avval hayit namozini o‘qishga buyurilib, so‘ng qurbonlik qilishga amr qilinmoqda.

Shuningdek, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xutba aytib: “Albatta, bugun (hayit kuni) birinchi bo‘lib qiladigan ishimiz – namoz o‘qimoq, keyin ersa, borib qurbonlik qilmoqdir. Kimki shunday qilsa, bizning sunnatimizni bajo keltiribdi”, deganlar”.

Qurbonlikni Hayit namozini o‘qib bo‘lingandan boshlab, hayitning uchinchi kuni quyosh botgunga qadar so‘yish mumkin. Biroq hayitning birinchi kuni so‘ygan afzal.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining ko‘rsatmasiga muvofiq, bomdod namozini ado qilgandan so‘ng, to quyosh chiqqunga qadar zikru tasbehlar bilan mashg‘ul bo‘lib, quyosh chiqib, biroz ko‘tarilgach (quyosh chiqqanidan 15-20 daqiqadan so‘ng), zuho namozini ado qilgandan keyin qurbonliklarimizni so‘ysak, bir nechta sunnat va mustahablarni ado qilgan bo‘lamiz.

Agar qurbonlikni so‘yish qo‘lidan kelsa, qurbonlik qilayotgan kishining o‘zi so‘yadi. Qo‘lidan kelmasa, qo‘lidan keladigan kishiga so‘ydiradi va o‘zi yonida qurbonlik qilinayotgan hayvonga qo‘lini tekizib qurbonligining qabul bo‘lishini so‘rab duo qiladi. So‘ygan kishiga xizmat haqi sifatida qurbonlik go‘shtidan (terisi va boshqa narsalaridan) berish joiz emas. Unga pul berib, rozi qilinadi.

Qurbonlik go‘shtining uchdan birini sadaqa qilish, uchdan birini kelgan mehmonlarga pishirib berish va uchdan birini keyinchalik yeyishga olib qolish mustahab. Agar qurbonlik qiluvchi serfarzand bo‘lsa, sadaqa qilish o‘rniga hammasini oilasi ehtiyoji uchun qoldirsa ham bo‘ladi.

Qurbonlikning axloqiy va iqtisodiy ahamiyati ham katta. Qubonlik go‘shtining bir qismini moddiy imkoniyati cheklangan, nochor oilalarga, yetim-yesirlarga bersa, ularning ham qozoni qaynaydi va xonadoniga xursandchilik kiradi. Albatta, bu xayrli ish orqali qurbonlik qilgan kishi yana bir bor ulkan ajr-savobga ega bo‘ladi. Muhimi, bu xayrli ish jamiyatdagi ijtimoiy yordam va birdamlikning go‘zal namunalaridan biri hisoblanadi.

Yo‘ldoshxon Isayev,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.