Quruvchi-tadbirkor faoliyati qanday tekshiriladi?

Viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida inspeksiya xodimlari uchun Biznes-ombudsman vakillari bilan hamkorlikda seminar-trening tashkil etildi.

Seminar-treningda Prezidentning 2024 yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati, ushbu hujjat asosida tadbirkorlik sub’yektlariga yaratilgan yengilliklar hamda ularning huquq va majburiyatlari tushuntirib o‘tildi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan qurilish ob’yektlarida, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish, ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish sohasida nazorat tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Xususan,  joriy yil 1 yanvardan qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etgan holda amalga oshiriladi. Tekshiriladigan tadbirkorlik sub’yekti aniq bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga, davlat manfaatlariga, atrof-muhitga zarar yetkazish xavfining tezkor oldini olish yoki bartaraf etish maqsadida tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olish zarur. Bunda ham Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibi belgilangan.

Seminar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.