Quvkallada adabiyot bayrami

Qo‘shrabot tumanining o‘ziga xos tabiati, shunga mos tanti odamlari bilan ma’lumu mashhur bo‘lgan Quvkalla qishlog‘idan chiqqan jaydari, samimiyligi bilan barchani birdek o‘ziga jalb qila olgan va eng muhimi, to‘g‘ri so‘zligi, qat’iyati bilan yaqinlar, do‘stlari qalbida mangu muhrlangan Sobir O‘nar xotirasiga bag‘ishlangan adabiy kecha o‘tkazildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, yozuvchi Sobir O‘nar tavalludining 60 yillik tadbiri ijodkor tug‘ilib o‘sgan bepoyon adirlar bag‘rida, soy suvining matonatla jo‘sh urgan shiddati ufurib turgan so‘lim go‘shada tashkil etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, Qo‘shrabot tumani hokimi Dilshod Shakarboyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, senator Farmon Toshev, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abduqayum Yo‘ldosh va adibning yaqinlari, do‘stlari, safdoshlari Sobir O‘narning hayoti va ijodi, asarlaridagi xalqchillik, haqgo‘ylik jihatlarini alohida e’tirof etishdi. Shuningdek, uning odamiyligi, yaqinlar, do‘stlar uchun har qanday vaziyatda ham insoniylikni ustun qo‘yish fazilartlari ehtirom, ehtiros bilan tilga olindi.

- Bugun Sobir O‘nar tug‘ilib o‘sgan zaminda bo‘lib, undagi xislat va fazilatlarning boisini tushungandayman, - dedi pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Undagi jasorat soyda jo‘sh urib oqayotgan suvdan, qaddi-qomatiga xos bo‘lmagan o‘ta samimiylik bu zamin tabiatining go‘zalligidan va jaydari soddalik esa qishloqdoshlarning bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibatidan ekanligiga amin bo‘lyapman. Bunday betakror tabiat qo‘ynida voyaga yetgan inson bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas. U o‘z asarlariga ham mana shunday go‘zallikni mujassam etib, o‘quvchilarga undan bahra olish imkonini yaratgan ijodkor edi. U o‘z asarlarida shu yurtni, qishlog‘ini, qishloqdoshlarining yaxshisini ham, yomonini ham ro‘y-rost gavdalantirdi. Uni bilish uchun faqat va faqat o‘qish kerak.

Tadbir doirasida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida "Sobir O‘nar asarlari bilimdoni" intellektual o‘yini o‘tkazildi. Qizg‘in bahslar davomida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, Sobir O‘nar asarlarini qunt bilan o‘qigan o‘quvchilarga diplom va ijodkor asarlari to‘plami hamda esdalik sovg‘alar topshirildi.

Adabiy kecha davomida Sobir O‘narning "Tanlangan asarlar"i va "Sobir O‘nar zamondoshlari xotirasida" kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.

- Bugun tengdosh do‘stlari bilan ushbu tadbirda qatnashib, Sobir bilan mana shu soy bo‘yida, adirlarda o‘tgan damlarimizni yodga oldik, - deydi ijodkorning do‘sti Boytemir G‘aniyev. – U maktab davrida ham, undan keyingi davrlarda ham qishlog‘imizning xushmanzara joylarida o‘tirib, olis-olislarga tikilgancha o‘ychan o‘tirardi. Bugun yoshimiz ulg‘ayib, uning asarlarini takror o‘qiganimizda ana shu damlarda uning xayolidan o‘tkazganlarini anglab yetayapmiz. Haqiqatda ham u o‘zgacha ijodkor, qalbi daryo inson edi.   

Adabiy kecha yakunida mehmonlarga Qo‘shrabot tumani hokimligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovg‘alari, kitoblar topshirildi. Tadbir yakunida ijodkor o‘quvchi yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida Sobir O‘nar nomidagi hikoyalar tanlovini o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Sobir O‘nar tavalludining 60 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir doirasida u o‘qigan 70-maktabda adib xotirasiga o‘rnatilgan lavha ochildi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat)