Quvonch ortidagi dilxiralik yoki temiryo‘l vokzalidagi noqulaylik haqida

Kecha ertalab yaqin qarindoshlarimni kutib olish uchun Samarqand temir yo‘l vokzaliga chiqdim.
Tashqarida biroz kutganimdan keyin kutilgan yo‘lovchi poyezdi vaqtida manzilga yetib keldi. Mehmonning 2 nafar yosh farzandi va og‘ir yuklari borligi uchun, ularga yordam berish maqsadimni xizmat ko‘rsatayotgan xodimga aytdim va kirishga ijozat so‘radim.
Xodimlar ochiqko‘ngillik bilan ichkari tomon ruxsat berishdi. To‘g‘risi, bunday muomalani kutmaganim uchun, quvonib ketdim.
Afsuski yo‘l-yo‘lakay kirish va chiqish yo‘laklarida boshqa yo‘lovchilar yuklarini sudrab yoki zo‘rg‘a ko‘tarib borishayotganiga guvoh bo‘ldim. Buni ko‘rib, biroz avval, “Ichkariga kirsam yuklarni maxsus aravada olib chiqaman”, degan fikrim noto‘g‘riligini bildim. Va, shunday bo‘ldi - yuklarni yelkamga orqalab olib chiqdim.
Bu holat nafaqat mahalliy yo‘lovchilarda, balki xorijiy mehmonlarda temiryo‘l xizmati va Samarqand shahri haqida yomon taassurot qoldiradi.
Shu o‘rinda temiryo‘l vokzali ma’muriyatiga taklifim bor. Kirish va chiqish qismidagi nuqtalarda maxsus yuk tashiydigan aravachalar xizmatini keng yo‘lga qo‘yish lozim. Zero, har bir mayda detall go‘zal shahar imidji uchun xunuk "hol" bo‘lishi mumkin.
Bokir Abdullayev.