Quvonchni kulfatga aylantirgan og‘u

Bozorni aylanib yurgan G‘ani olis viloyatda yashovchi do‘sti Valini uchratib qoldi: “Yigirma yil o‘tsayam o‘zgarmabdi”.

- Vali, senmisan?

Bozorligini xaltaga joylayotgan Vali “kim chaqirdi?” deganday atrofga alangladi. O‘ziga qarab kelayotgan G‘anini ko‘rib, darrov tanidi.

- G‘ani, o‘zingmisan, jo‘ra?

Ikki quroldosh quchoqlashib ko‘rishishdi. Hol-ahvol so‘rashishdi.

- Sog‘-salomat ekansan, jo‘ra! Ko‘rishganimdan xursandman!

- Men ham, - dedi Vali G‘anini quchib. - Salobatli bo‘lib ketibsan, lekin ovozingdan darrov tanidim.

- Endi biznikiga boramiz, uncha uzoq emas! Mehmon bo‘lib ketasan, yana ko‘rishish qachon nasib etadi? - taklif qildi G‘ani.

- Rahmat, do‘stim, keyingi gal albatta, mehmon bo‘lib kelaman. O‘g‘lim universitetda o‘qiyapti, endi tez-tez kelib turaman, - dedi Vali uzr so‘rab.

- Yo‘q, bunaqasi ketmaydi, - dedi G‘ani. - Men seni shundoq qo‘yvormayman. Yur, restoranga kiraylik, biroz o‘tirib, uchrashganimizni nishonlaymiz…

- Obbo, do‘stim-yey, qani, sog‘-salomat uchrashganimiz uchun oldik, - G‘ani Valiga qadahni uzatdi.

- Uzr, jo‘ra, anchadan buyon ichmayotgan edim. - Vali o‘ng‘aysizlanib, e’tiroz bildirdi.

- Men ham ko‘p ichmayman, - dedi G‘ani. - Bunday xursandchilik kun kam bo‘ladi jo‘ra, qani, oldik, yo‘q dema!

Ikki quroldosh, harbiy xizmatni o‘tagan navqiron yillarini eslab, gangur-gungur bilan ikki shishani bo‘shatib qo‘yishganini sezmay qoldi.

- Endi bo‘ldi, - dedi kayfi oshib qolgan Vali. - Men boshqa ichmayman.

- Men ham boshqa ichmayman, - G‘ani qo‘li qaltirab to‘kib-sochib, qadahlarni to‘ldirdi. - Bu oxirgisi…

Tongda Validan oldin G‘ani uyg‘ondi. Boshi zirqirab, tashnalikdan tomog‘i quruqshab, ichi yonardi. Panjara bilan to‘silgan tuynukchasi yorishib turgan eshikni taqillatdi. Temir eshik daranglab ochilib, navbatchi ko‘rindi.

- Ha, piyonista, o‘zingga keldingmi?

- Qayerdaman? - G‘ani hushi uchib, navbatchiga qaradi.

- Kameradasan, kamroq ichish kerak, oshna!

- Endi nima bo‘ladi? - G‘ani kecha restoranda nima bo‘lganini eslolmadi.

- Nima bo‘lardi, qamaydimi, jarimaga tortadimi sud hal qiladi, - navbatchi qars etib, eshikni yopdi.

- Sharmanda bo‘ldik, aroqni chiqarganga ming la’nat, - G‘ani gandiraklab devorga suyandi.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.