Quyosh nuri ostida uzoq vaqt bo‘lish terida qanday asoratlarni keltirib chiqaradi?
Odatda yurtimizda yoz faslining eng yuqori harorat qiymatlari “chilla” davriga to‘g‘ri keladi. Biroq bu yil iyun oyida ham mamlakatimiz bo‘ylab anomal issiq ob-havo kuzatilib, ayrim hududlarda harorat ancha yuqori bo‘ldi.
Albatta bunday paytda quyosh nuri ostida uzoq vaqt bo‘lish turli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Xususan, mutaxassislar jazirama kunlarda quyosh nuri tufayli insonlarda turli allergik reaksiyalar paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Xususan, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining ma’lum qilishicha, terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida yuzaga keladigan kasallik fotodermatoz deb ataladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu xastalik dunyo aholisining taxminan 20 foizida uchraydi.
— Quyosh nurining o‘zi allergen hisoblanmaydi, — deydi markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishganda, allergik reaksiya paydo bo‘lishi mumkin.
Oqibatda ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘, kuyish ko‘rinishidagi turli toshmalar yuzaga keladi. Ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar ham kuzatiladi.
Toshmalar jazirama ta’sir qila boshlagan ilk soatlardan to hafta davomigacha hosil bo‘ladi.
Ko‘pincha fotodermatoz belgilari muolajalardan so‘ng yo‘qolib ketadi. Ammo bu holat insonni umr bo‘yi ta’qib qilishi ehtimoli ham mavjud.
Xo‘sh, bunday vaziyatda nimalarga alohida e’tibor qaratish lozim?
Avvalo, soat 10:00 dan 15:00 gacha soya-salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi.
Imkon qadar yopiqroq kiyinish kerak.
Sezuvchan teri uchun mo‘ljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Ba’zi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishi mumkin. Shu bois preparatning qo‘llash ko‘rsatmalarini diqqat bilan o‘qish yoki shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Atopik dermatitni davolashda qo‘llaniladigan Elidel yoki Protopik surtmalaridan foydalanayotgan bemorlarga quyoshda yurish taqiqlanadi. Yoki bu vositalarni tushdan so‘ng oqshomga qadar ishlatgan ma’qul.
Shuningdek, Eritromitsin, Tetratsiklin va Streptomitsin kabi dorilar ultrafinafsha nurlarini kuchli tortib olish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlar issiq kunlarda kunduzi ko‘chaga chiqishlari mumkin emas.