Quyoshliq istasang, kasbi kamol et…

Buyuk va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi nafaqat mamlakatimizda, balki butun jahonda ham munosib qarshi olinmoqda. Joriy yilning 9 fevral kuni Samarqand davlat universiteti faollar zalida (soat 11:00) Alisher Navoiyning 580 yilligiga bag‘ishlangan  «Quyoshliq istasang, kasbi kamol et…» mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Prezidentimiz 2020 yil oxirida xalqimizga qilgan murojaatnomasida kelajagimiz tayanchi va bunyodkori bo‘lgan yoshlarimizga Navoiy tilidan «Quyoshliq istasang, kasbi kamol et…» deya murojaat qilib, buyuk shoir hayoti va ijodini o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor, 2020 yil 19 oktyabrda qabul qilingan «Buyuk va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorning ahamiyati va dolzarbligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Shoir va davlat arbobi, insonparvarlik g‘oyalarining yalavbardori Hazrat Navoiy XV asrda Movarounnahrni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy, adabiy-ma’rifiy jihatdan xalq, jamiyat manfaati, taraqqiyoti yo‘lida o‘z hissasini qo‘shgan. Bu ulug‘ siymoni anglash va uning umumbashariy ma’rifiy g‘oyalarini xalqimiz tafakkurida yuksaltirish bugungi kunda ham millatimizning yuksalishi, barkamollik, komronlik topishida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi kalitdir. Bugungi kunda millatimiz butun dunyoga o‘z so‘zi, boy siyrati bilan yuzlashayotgan bir paytda biz Navoiyga yanada yaqinlashdik. Nizomiddin Mir Alisher Navoiy o‘zi ham, amali ham, so‘zi ham zamon va makon tanlamaydigan umuminsoniy g‘oyalarning tatbiqi bilan bashariyat uchun ilm-ma’rifat kalitidir. Navoiy shunday quyoshki, uning ma’nolar olamini ko‘ngilda jilvalantirib hidoyat chirog‘ini yoqish unga munosib bo‘lishning eng to‘g‘ri yo‘lidir.

Hazrat Navoiy ijodida ko‘ngil Ka’ba kabi muqaddas dargoh. Uning ta’biri bilan aytganda:

Ka’baki, olamning o‘lub qiblasi,

Qadri yo‘q andoqki, ko‘ngul ka’basi.

Kim bu xaloyiqqa erur sajdagoh,

Ul biri xoliqqa erur jilvagoh.

Chunonchi, mavjudotlarning eng afzali bo‘lgan inson ko‘ngli shu qadar poklik va go‘zallik ila Ka’batullohdan ham ulug‘ki, u Allohning nazargohidir. Ka’batullohni Allohning elchisi bunyod etgan bo‘lsa, ko‘ngilni Holiqi parvardigor yaratdi.

Alisher Navoiy bolalik chog‘laridanoq ta’lim-tarbiyada ahli ilmu-irfon qurshovida bo‘lgani hammaga ma’lum. Balki, u mutolaa qilgan manbalar, uning qalb haroratini alangalatgan insonlar, ayrim asarlar hali hamon biz izlasak-da, ammo anglolmagan armonlarimizdir. Ta’kidlash o‘rinliki, ulug‘ alloma Imom G‘azzoliy «Hujjat ul-haq» nisbati ila haqiqatni izlagan qalblarni haqqa yetishtiruvchi «Kimyoi saodat» asarida inson va uning qalbi xususida mushohada yuritadi.

Inson bir shahar va uning hokimi – qalb besh ariqdan suv ichishi, bu ariqlardan oqqan zilol suvlar qalb ko‘zgusini ochuvchi oziqa ekani go‘zal badiiyat ila dalillanadi. Besh ariq esa insonning beshta sezgi retseptorlari ekanligi ta’kidlanadi. Hazrat Navoiy esa bu qalbni jilvagoh sifatida Ko‘ngil ka’basi konsepsiyasida asoslab berdi. Demak, Navoiyni eshitish, o‘qish, anglash uchun inson qalbi ozuqasida ezgu so‘zni eshitgan, poklikka nazari tushgan, halol luqmada ta’bi shakllangan, jismiyu ruhida faqat fasohat va tozalik odat bo‘lishi lozim. Bir so‘z bilan aytganda qalb bahramandligi uning botini va zohirini shakllantiradi, tarbiyalaydi. Aynan mana shunday navoiyona tafakkur bilan buyuk mutafakkir ma’nolar ummoniga g‘avvos kabi sho‘ng‘ib, ma’rifat durlarini termoq bashariyatning ehtiyoji va maslagini taqozo etmoqda.

«Saddi Iskandariy» dostonida ilm va tajriba borasida Luqmondan hikmat qilinadi:

Jahon ahlig‘a chun shior o‘ldi jahl,

Erur borchaning aksini tutqon ahl».

 

Deding chun jahon ahli, ey hushyor,

Jahon tarki avval kerak ixtiyor.

Alisher Navoiy Luqmoni Hakimdagi ilmu tajribani jaholat ahlidan saboq olib, ularning amallarini takrorlamay ogohlikda omonlik topganini ta’riflaydi. Ogohlik avvalo, tarki jahondan boshlanishini da’vat etar ekan, inson dunyoi jahonga mubtalolikda emas, ko‘ngli va amali ila bir olam zarrasi bo‘lib jahonning go‘zalligini jilvalantiruvchi ma’nolar olami bo‘lishlikka munosibligini uqtiradi. Demak, jaholatga isyon emas, balki ogohlik, ilm-tajriba saboti, matonati, johillar baxtsizligiga barham beradigan saodatga chorlovchi amallar malham bo‘ladi. Darhaqiqat, ulug‘ va mutafakkir Alisher Navoiy asarlari har qatida inson barkamolligi qayg‘usida yaratilgan bitik sifatida barcha zamonlar uchun ma’rifatga ingan hikmatdir.

 

Nazmiya MUHITDINOVA,

SamDU dotsenti.