Radioaktiv va maxsus yadroviy materiallarning chegaralarimiz orqali kirib kelishining oldini olishda bojxona organlarining xizmati beqiyos

Bojxona organlari chet davlatdan O‘zbekistonga bojxona chegarasi orqali olib kiriladigan, olib chiqiladigan va uning hududidan tranzit tarzida harakatlanadigan barcha tovarlarning nazorati hamda radiatsiya xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan organlardan  biri hisoblanadi.

Radioaktiv materiallarning bojxona nazorati aholi va davlatning siyosiy, ekologik, radiatsiyaviy xavfsizligini taminlash va yadroviy qurollarning tarqatilmasligi uchun muhim axamiyatga ega. Mamlakatimizda bu borada Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 oktyabrdagi “Radiatsiyaviy avariyalarni prognoz qilish, barvaqt aniqlash va harakat qilish yagona davlat tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan bojxona organlariga bir qancha vazifalar belgilab berildi. Xususan:

- radioaktiv materiallarni respublika hududiga olib kirish, hududidan olib chiqish va hududi orqali tranzit qilish bo‘yicha radiatsiyaviy nazoratni amalga oshirish;

- yagona davlat tizimining kundalik boshqaruv organlarini tarkibida belgilangan normalardan ortiq radionuklidlar bo‘lgan materiallarni respublika hududiga ruxsatsiz olib kirish, olib chiqishga urinish holatlari aniqlanganligi haqida xabardor qilish hamda ularning olib kirilishi, olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, ularni jo‘natuvchiga qaytarish tartibotlarining belgilangan tartibda amalga oshirilishi;

- aniqlangan ruxsatsiz ionlashtiruvchi nurlanish manbalarining dastlabki radiometriyasini va identifikatsiyasini o‘tkazish;

- aniqlangan ruxsatsiz ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini birlamchi identifikatsiyadan o‘tkazish va olib chiqish ishlari yakunlanguniga qadar ularning saqlanishini ta’minlash;

- idoraviy mansub ob’yektlarda aniqlangan ruxsatsiz ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini identifikatsiyadan o‘tkazish va zararsizlantirish tadbirlariga har tomonlama ko‘maklashish;

- xorijiy davlatlarning radiatsiyaviy va yadroviy materiallarning noqonuniy aylanmasini hamda u bilan bog‘liq turli radiatsiyaviy avariyalar va insidentlarning oldini olish sohasidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish hamda yanada takomillashtirish bo‘yicha xulosa va takliflar berishdan iborat.

Radioaktiv materiallar o‘z-o‘zidan yuqori xavfli tovarlar toifasiga kiradi. Shuning uchun ularning ichki va tashqi ko‘rinishi, harakati va tashish sharoitlariga rioya qilinishi ustidan nazorat olib borish zarur hisoblanadi.

Yaponiyadagi Fokusima avariyasidan keyin radioaktiv avtomashinalarni Rossiyaga olib kirishga urinishlar aniqlangan bo‘lsa, Fransiyaga  radioaktiv liftlarni olib kirish holati aniqlangan. Bunday turdagi tovarlarning yuzaga kelishiga turli sabablar mavjud.

Xo‘sh, qanday qilib bu turdagi tovarlar yuzaga keladi? Tabiiy ofatlar, avariyalar bilan bir qatorda, metallni qayta ishlash vaqtida radioaktiv chiqindilarning aralashib ketishi oqibatida yuzaga keladi.

Radiatsiyaviy materiallar u bilan ishlayotgan xodimlar hamda butun aholi salomatligi va xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Bundan tashqari, radioaktiv materiallarning tarqalib ketishi oqibatlarini bartaraf etish  jiddiy iqtisodiy ziyon yetkazishi mumkin.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi  tomonidan respublikamizga radioaktiv materiallarning noqonuniy kirib kelishini oldini olish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, barcha chegara bojxona postlarida uch turdagi: yo‘lovchilar uchun, avtomobillar uchun, temiryo‘l vagonlari uchun radiatsion nazorat qurilmalari bilan jihozlangan.

Bu esa albatta, amaliyotda o‘zining ijobiy  samarasini bergan. Jumladan, 2001 yilda “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida radioaktiv materiallar bilan bog‘liq qonunbuzarlik bojxona xodimining shaxsiy himoya vositasi hisoblangan radiatsion peydjer qurilmasi yordamida aniqlangan edi. Ushbu holat respublikamiz chegaralarida texnik vositalarni o‘z ichiga oluvchi himoya chizig‘ini yaratishga yordam berdi hamda radiatsion nazorat sohasida jiddiy chora va tadbirlarni amalga oshirishga turtki bo‘ldi.

Radioaktiv materiallar va maxsus yadroviy materiallarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish jahon hamjamiyati oldidagi muhim masalalardan biri bo‘lib turibdi. Bugungi kunda radiatsion nazorat sohasidagi xalqaro hamkorlik kuchaymoqda. Radioaktiv va maxsus yadroviy materiallarning bojxona chegarasi orqali kirib kelishining oldini olishda bojxona xodimlarining o‘rni alohida ahamiyatga ega.

Bojxona chegaralarida o‘rnatilgan, maxsus jihozlangan radiatsion portal manitorlari radioaktiv materiallarning mamlakat hududiga kirishi, hududdan olib chiqish va tranzit qilish orqali noqonuniy tashilishining oldini oluvchi birinchi vosita sifatida xizmat qilmoqda.

Mexroj FAYZULLAYeV,

Davlat bojxona qo‘mitasining bojxona instituti kursanti.