Rahbarlar pedagogika darsi o‘tmaganmi?

Oliy ta’lim muassasalaridan birida pedagogika fanidan dars o‘tilmoqda. O‘qituvchi:
- Pedagogikada hech kim, hatto ta’lim muassasasi rahbari ham darsni buzishga haqqi yo‘q. Agar maktab direktorining biror gapi bo‘lsa, avval eshikni taqqillatib, so‘ngra kirishga izn so‘raydi, - demoqda.
- Domla, nega dekanimiz faqat darsimizning o‘rtasida kirib keladi, ammo eshikni taqillatmaydi? – debdi talabalardan biri.
O‘qituvchi uning gapini eshitmaganlikka olib, darsni davom ettiribdi. Shu payt xonaga dekan o‘rinbosari kirib kelibdi.
- Ertadan kontrakt pullarini to‘lamagan talabalar darsga kiritilmaydi, - debdi salom-aliksiz.
Talabalar kulib yuborishdan zo‘rg‘a o‘zlarini tiyibdi, o‘qituvchi esa o‘tayotgan darsidan izza bo‘libdi.
Endi o‘zingiz o‘ylang, oliy ta’lim muassasalarida amal qilinmaydigan pedagogik qonun-qoidalarga maktabda kim amal qiladi?
Xurshida Ernazarova.
PS: Misollarni atayin manzil ko‘rsatmasdan yozdim. Chunki bunday holatlar aslida juda ko‘p muassasalarda bor. OTMlarda shunday bo‘lsa endi umumiy maktablarda o‘qituvchining darsini bir kunda necha marta buzishlarini tasavvur qilib ko‘ring. Nazarimda, o‘qituvchining darsini bir daqiqa bo‘lsin buzishga hech kimning haqqi yo‘qligini bot-bot eslatishimiz kerak.