Rahbarning halolligi odamlarning uning faoliyatiga bergan bahosi bilan o‘lchanadi

Zotan, Sohibqiron Amir Temur bobomiz ta’biri bilan aytganda, ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qat’iy, tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir.
Mamlakat obodligi va taraqqiyotini, xalq osoyishtaligi va farovonligini ta’minlashda rahbar shaxslar zimmasiga hamisha yuksak majburiyat yuklatilgan. Ularga ana shu mas’uliyatli vazifalarni qanchalik bajara olganiga qarab baho berilgan. Hozir ham bu hayotiy qoida o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Aksincha, u yangi davr talablari asosida yanada takomillashib bormoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari 2017 yil va undan keyingi davrga belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchta eng muhim talabga bog‘liq ekanini alohida ta’kidladi: birinchi – davlat rahbari – Prezidentdan boshlab barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning yakuniy natijalar uchun shaxsiy javobgarligi. Ikkinchi – hamma sohada aniq tartib va qat’iy intizomni ta’minlash. Uchinchi talab – kadrlarimizning sofligini ta’minlash, ishdagi har qanday salbiy holatlarning oldini olish va bunday illatlarning ildizini quritish.

Prezidentimiz rahbar shaxslardan, birinchi navbatda, shaxsiy javobgarlikni talab qilayotgani bejiz emas. Nega deganda, rahbarlikning o‘ziga xos mas’uliyati bor va shu sababli uning yukini ko‘tarish hech qachon oson bo‘lmagan. Rahbar shaxslar mas’uliyat va javobgarlikni shaxsan o‘z yelkasiga olmas ekan, bu ularga ishonch bildirgan, hurmat-e’tibor ko‘rsatgan odamlarni aldash, ularga xiyonat qilish bilan barobardir.
Sodda qilib aytganda, rahbar shaxslarning asosiy vazifasi odamlarga xizmat qilish, ularni rozi qilishdan iborat. Shunday ekan, ular o‘z mas’uliyati va javobgarligini, avvalo, vijdoni oldida, unga ishonch bildirgan odamlar, el-yurt oldida chuqur anglashi, zimmasiga yuklangan vazifalarni ado etish uchun o‘zi jonbozlik ko‘rsatib, o‘zgalarni ham fidokorlikka chorlab yashashi hamda ishlashi darkor.
Mansab va lavozimlarda faoliyat ko‘rsatish uchun yaxshi odam bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun inson bilimli, yuqori malakali, yuksak saviyali, tashabbuskor, mas’uliyatli, talabchan, adolatli, bag‘rikeng, kechirimli, odob-axloqli, sadoqatli, qat’iyatli va albatta, tartib-intizomli bo‘lishi shart.

Rahbar shaxsning o‘z ishiga loqayd munosabati esa har qanday jamoa va tashkilotdagi muhitning buzilishiga olib keladi. Qolaversa, rahbarning loqaydligi va boqibeg‘amligi ish uchun joni achiydigan vijdonli odamlarning ham shashtini susaytiradi. Shu tariqa xalqning dardiga befarq qaraydigan, o‘z manfaatidan boshqa narsani o‘ylamaydigan, xudbin va tamagir rahbarlar, bir tomondan, yurtimiz ravnaqiga, ikkinchi tomondan, xalqimiz farovonligiga to‘siq bo‘ladi.
Har kim, har qaysi rahbar o‘z joyida, o‘z lavozimida turib, burchini halol bajarishi davr talabidir. Rahbar shaxslar har doim, hamma joyda ibrat ko‘rsatishi, shu jumladan, sofligi va halolligi bilan barchaga namuna bo‘lishi lozim. 

Prezidentimizning talabi shunday. To‘g‘ri, yillar davomida mansabi tufayli harom daromadga o‘rganib qolganlarga bu gap xush kelmaydi. Ochig‘i, davlat rahbarining shiddatli va qat’iy talablaridan so‘ng ayrim "mardlar" "Uzr, men xatoimni tan olaman, mansabimdan foydalanib, ikkita restoran, do‘kon, to‘yxona qurdim, endi odamlarning ko‘ziga qarashga yuzim yo‘q", – deb chetga chiqsa kerak, deb o‘ylagandim.
Ming afsus, bundaylarning ayrimlari betini qalin qilib, ko‘pchilik ichida yuribdi. Tag‘in o‘zini zamona talabini tushungandek ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Shoshilmang, azizlar, Prezident belgilab bergan mezonlar asta-sekin ular faoliyatini o‘lchashga ham yetib boradi.
Tasavvur qiling, kechagina bir parcha yerni sotib o‘rgangan, ekin maydonlarini uy-joylarga (albatta, tekinga emas) berib yuborgan, qurilish tenderi g‘olibligini tanish-bilish, aka-uka va yaqin odamlariga bo‘lib tashlagan rahbar bugunga kelib, davraga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurash yoki halollik to‘g‘risida sizu bizga ma’ruza o‘qib tursa, kulguli emasmi?
Ehtimol, jamoasi azbaroyi rahbar bo‘lgani uchun uning gapiga quloq osar, jim turib eshitar. Ammo jamoa ana shu nopok rahbar tufayli bugungi siyosatimizga ishonmaydi. Jonini jabborga berishdan tiyilib  turadi.

Yaqinda bir tanishim maqtanib qoldi:
– Rahbarimiz zo‘r odam. O‘g‘limning nikoh to‘yini o‘z restoranida arzon narxda o‘tkazib berdi. Qiziga ochib bergan tibbiyot markazida uch nafar xodimimiz yarim puliga davolandi. Aytganday, ikkita kvartirasiga jamoamizning yosh oilalarini arzon ijaraga qo‘ygan.
Boyaqish tanishim bilmaydiki, bunday shaxslar kattayu kichikni ana shunaqa "muruvvat" bilan aldab o‘rganishgan.
Yo‘q-yo‘q, maqola muallifining qaysidir rahbarga hasadi yo‘q. Bundaylarni qisqa muddatda o‘zgartirish mumkin emasligini ham yaxshi bilaman. Ammo... Butun vujudi bilan xalqini sevib, odamlar dardini eshitayotgan, aholiga qulaylik yaratishga shahd bilan kirishgan Prezidentimizning mehnatlarini qadrlaylik, u kishiga munosib bo‘lib ishlaylik, demoqchiman. Agar biz ham nopok rahbarlarning yuziga ular xatosini aytishni o‘rgansak, islohotlarda bundan ham yuqori samaraga erishamiz. Maqsad shuki, har bir rahbar halq u haqda nima fikrda ekanini bilib tursin.

Farmon TOShEV.