Ramazon hayiti – ezgulik va birdamlik bayrami

Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsin, Alloh nazar qilgan yurtimizda bu yilgi Ramazon oyi milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda, xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehr-oqibat fazilatlari to‘la namoyon bo‘lgan holda, tinch-osoyishta holda o‘tmoqda.
Ushbu muborak oy boshlanishi arafasida qabul qilingan Prezidentimiz qarorida belgilanganidek, oy davomida ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘chat ekish ishlariga alohida e’tibor qaratildi.
286 jome’ masjidida taroveh namozlari o‘qildi va ularning 198 tasida Qur’on xatm qilindi. Bu maskanlarda ibodat amallarini to‘la-to‘kis ado etish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Saxovat va mehr-muruvvat tadbirlari uyushqoqlik bilan olib borildi. Imom-xatiblar boshchiligida homiylarni jalb qilgan holda 5400 dan ortiq kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga 3 milliard 250 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar va turli millat vakillari taklif etilgan holda 200 dan ortiq xayriya iftorlik marosimlari o‘tkazildi.
25 mart kuni davlatimiz rahbari ishtirokida butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan iftorlik marosimi Samarqandda ham yuqori saviyada tashkil etilib, 16 tuman va shaharlarimizda ehson dasturxonlari yozildi.
Ertaga – 30 mart kuni butun musulmon olamida bo‘lgani kabi yurtimizda ham Ramazon hayiti keng nishonlanadi.
Davlatimiz rahbarining ushbu bayramni munosib nishonlash haqidagi qarorida mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi idoralar, tashkilotlarga Ramazon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab berildi.
Viloyatimizda Ramazon hayitini yuqori saviyada va tartibli tashkil etishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Bayramni yuqori saviyada, tartibli va xavfsizlik ta’minlangan holda o‘tkazish maqsadida mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qilish organlari va mahalla raislari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Ertaga 285 ta masjidda hayit namozi o‘qilishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda bu masjidlarning holati tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, hayit namoziga keluvchilar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratilmoqda, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli ko‘rsatmalari asosida hayit namozi o‘qiladigan masjidlar imom-xatiblariga zarur tavsiyalar berildi. Namozdan keyin ibodat ahli uchun qisqa ma’ruzalar, duolar va nasihatlar o‘tkaziladi.
Ramazon hayiti – ezgulik va birdamlik bayrami. Bu kunlarda musulmonlar bir-birini ziyorat qilib, xonadoniga hayit tabriklari bilan borishi an’anaga aylangan. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar holidan xabar olish, ularga yaxshi so‘zlar aytish va hadyalar berish savobli amallar hisoblanadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tomonidan ham bayram kunlarida imkoniyati cheklanganlar, qariyalar va bemorlarni yo‘qlash uchun hayit tabriklari tayyorlab qo‘yildi.
Alloh taolo bu muborak kunlarni yurtimizga fayzu baraka, osoyishtalik va farovonlik olib keluvchi bayramlardan qilsin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Ahmadxon Alimov,
viloyat bosh imom-xatibi.