Ramazon – ma’naviy yuksalish va ezgulik oyi

Alloh taolo insonlarga shunday ulug‘ oyni ato etganki, unda yaxshilik va savobli amallar ko‘paytiriladi, gunohlar kechiriladi, inson ma’naviy yuksalish va ruhiy poklanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ramazon – qalblar soflanadigan, yuraklar ezgulikka to‘lib-toshadigan, inson ma’rifat va taqvoga erishadigan muborak oydir. Bu oy har bir musulmon uchun Allohga yanada yaqinlashish va hayotida yangi bosqichni boshlash uchun buyuk imkoniyatdir.

Bu yilgi Ramazon oyi mamlakatimizda beqiyos ezgulik, samimiyat va mehr-muruvvat muhitida o‘tmoqda. Yurtimizda Ramazonga bo‘lgan ehtirom tobora ortib, insonparvarlik g‘oyalari yanada keng tarqalmoqda.

Prezidentimizning Ramazon oyi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi xalqimiz uchun katta ma’naviy quvonch va umid bag‘ishladi. Tabrikda qayd etilganidek, bu muborak oyda bir-birimizga, ayniqsa, muhtojlarga, qariyalar va nogironlarga, kam ta’minlangan oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish, jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.

Yurtdoshlarimiz Ramazon oyining ruhini to‘la his qilishi, uning barakasidan bahramand bo‘lishi uchun viloyatimizda ham ehtiyojmand oilalar va qariyalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy yordamlar tarqatilmoqda, iftorliklar tashkil qilinmoqda.

Ramazon – nafaqat ro‘za oyi, balki ma’naviy poklanish fursatidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) shunday deganlar: "Kim Ramazon oyini iymon va ixlos bilan o‘tkazsa, uning oldingi gunohlari kechiriladi."

Shuningdek, Rasululloh (s.a.v) yana shunday hadis keltiradilar: "Ramazon kelganda, jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi." Bu oyda har bir inson o‘zini tarbiya qilishi, gunohlardan tiyilishi, yaxshi amallarini yanada ko‘paytirishi kerak. Zero, Ramazon – nafaqat ochlik va chanqoqlikka bardosh berish oyi, balki sabr va taqvo, iroda va ruhiy tarbiya oyidir. Bu oyda Qur’oni karim tilovatini ko‘paytirish, nafil ibodatlar, duo va zikrlar bilan Alloh taologa yaqinlashish katta fazilatga ega.

Ramazon oyida musulmon kishi nafaqat o‘zini tarbiya qilishi, balki boshqalarga ham yaxshilik ulashishi kerak. Bu oyda kam ta’minlangan, muhtoj insonlarga saxovat ko‘rsatish, sadaqa va xayriya qilish – juda katta savobga ega. Rasululloh (s.a.v) marhamat qiladilar: "Ramazon oyida har bir yaxshi amalning savobi boshqa oylardagi savobdan yuz karra ko‘p bo‘ladi."

Bu oyda ro‘za tutish, zakot berish, muhtojlarga yordam ko‘rsatish, qarindoshlar va qo‘shnilar holidan xabar olish, insonlarga iliq muomalada bo‘lish, ularning xafagarchiligiga sabab bo‘lmaslik, tilimiz va qo‘llarimizni yomonlikdan tiyish bizga ulkan mukofot olib keladi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu oy – birdamlik, mehr-muruvvat va ezgulik oyidir. Biz ham bu fursatdan unumli foydalanib, Allohning roziligiga erishish uchun har kunimizni savobli va xayrli ishlar bilan o‘tkazishimiz lozim.

Ahmadxon Alimov,

viloyat bosh imom-xatibi.