Ramazon oyida qanday ovqatlanish zarur? JSST bu bo‘yicha o‘z tavsiyalarini e’lon qildi

Ramazon oyida noto‘g‘ri ovqatlanish inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin. Shu bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ro‘zadorlar uchun sog‘lom ovqatlanish yuzasidan o‘z tavsiyalarini ishlab chiqdi. 

Ularga amal qilib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, qon bosimi va organizmdagi xolesterin miqdorini pasaytirishga erishish mumkin. 

Ko‘p miqdorda suv iching!

Bu yil odamlar kuniga o‘rtacha 14−15 soat davomida ro‘za tutishlariga to‘g‘ri keladi. Kunduzi havo harorati yuqori bo‘lgan paytda salqin va soyali joylarda qolish hamda quyoshda uzoq yurmaslik tavsiya etiladi.

Iftorlik va saharlik oralig‘ida ko‘p miqdorda suv ichish zarur. Kunduzi havo harorati yuqori bo‘lishi ko‘p terlashni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois kun davomida yo‘qotilgan suyuqlik o‘rnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa kamida 10 stakan suv ichish tavsiya etiladi.

Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu me’yorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin dessert sifatida ho‘l mevalardan yeyish foydali. 

“Achchiq-chuchuk” salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv ne’matlar hisoblanadi. 

Sho‘rva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham iste’mol qilish mumkin.

Tarkibida kofein mavjud bo‘lgan kofe, choy, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan ma’qul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishi (degidratsiya)ga olib keladi. 

Shuningdek, gazlangan shakarli ichimliklar kaloriyaga boy bo‘lishini esdan chiqarmaslik zarur.

Kun davomida juda ko‘p harakat qilish organizmning ko‘p miqdorda suv yo‘qotishiga olib keladi. Qisqa muddatli sayr yoki chigalyozdi mashqlari sizni tonusda ushlab turishi mumkin. Ammo kun bo‘yi harakatsiz o‘tirish ham tavsiya qilinmaydi.